Jizzax viloyati Paxtakor tumani 7-maktab boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Rayxonova Maxfuza Bahodir qizi attestatsiyada maksimal — 100 ball natija qayd etdi. U bilan suhbat davomida tayyorgarlik jarayoni, samarali usullar va oʻqituvchilar uchun muhim tavsiyalar haqida gaplashdik.
“Zamonaviy oʻqituvchi — bilim beruvchi emas, yoʻnaltiruvchi”
Rayxonova Maxfuza Bahodir qizi 3 yildan buyon taʼlim sohasida faoliyat yuritib kelmoqda. U hozirda oʻquvchilarning savodxonligi va mantiqiy fikrlashini rivojlantirish, darslarni qiziqarli va samarali tashkil etish ustida ishlayotganini taʼkidlaydi.
“Boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi faqat bilim beruvchi emas, balki yoʻnaltiruvchi va motivator boʻlishi kerak. Zamonaviy metodlardan foydalanib, oʻquvchini mustaqil fikrlashga oʻrgatish muhim”, — deydi u.
Uning fikricha, oʻqituvchining asosiy vazifasi — bolaga tayyor bilim berish emas, balki uni oʻrganishga oʻrgatishdir.
Reja va intizom: 100 ballga olib borgan yoʻl
Suhbat davomida oʻqituvchi attestatsiyaga tayyorgarlikni aniq reja asosida olib borganini qayd etdi. Har kuni qatʼiy jadval boʻlmasa-da, boʻsh vaqtlarni toʻgʻri taqsimlash orqali muntazamlikni saqlagan.
“Har kuni tayyorlana olmagan boʻlsam-da, imkon boʻlganda vaqtimni unumli ishlatishga harakat qildim. Eng muhimi — maqsad va qiziqish”, — deydi pedagog.
Tayyorlanishda u asosan darsliklar, test toʻplamlari va ishonchli onlayn manbalarga tayangan. Shu bilan birga, oʻqish jarayonida muhim bir xulosaga kelgan: “Koʻp oʻqishdan koʻra toʻgʻri oʻqish muhim.”
Eng samarali usul va test strategiyasi
Rayxonova Maxfuza uchun tayyorgarlik jarayonida eng katta natija bergan usul — test ishlash va xatolar ustida ishlash boʻlgan.
“Mavzularni takrorlashda test ishlash va xatolarni tahlil qilish juda foydali boʻldi. Qiyin mavzularni qayta-qayta koʻrib chiqish orqali tushunish osonlashdi”, — deydi oʻqituvchi.
Baʼzi savollar, ayniqsa tez fikrlashni talab qiladiganlari boshida murakkab tuyulgan:
“Avvaliga qiyin boʻldi, lekin koʻproq ishlaganim sari bu savollar ham osonlashdi.”
Test jarayonida esa u aniq strategiyaga amal qilgan:
“Avval oson savollarni yechib, keyin murakkablariga oʻtish kerak. Shu orqali vaqtni tejash mumkin”, — deydi u.
Bu usul unga vaqtni toʻgʻri boshqarishda ham yordam bergan.
Psixologik tayyorgarlik va yangi bosqich sari qadam
Oʻqituvchining taʼkidlashicha, attestatsiyada yuqori natija koʻrsatish uchun nafaqat bilim, balki psixologik tayyorgarlik ham muhim.
“Faqat bilim yetarli emas, ruhiy tayyorgarlik ham katta rol oʻynaydi. Imtihonlarda koʻp qatnashganim sabab hayajon boʻlmadi”, — deydi u.
Uning fikricha, koʻpchilik oʻqituvchilar yoʻl qoʻyadigan xatolar — shoshilish va takrorlashga yetarli eʼtibor bermaslikdir.
“Muntazam tayyorlanish, test ishlash va xatolarni tahlil qilish — eng muhim omil.”
100 ball natija esa uning uchun yakun emas:
“Bu natijani yangi muvaffaqiyatlarning boshlanishi deb bilaman. Hali yoʻlning boshidaman, — deydi ustoz.
Uning aytishicha, bu yutuq oʻziga boʻlgan ishonchini oshirgan va yanada koʻproq ishlashga undagan. Oʻquvchilari va hamkasblari ham bu natijani iliq kutib olgan.
Suhbat yakunida u yosh oʻqituvchilarga quyidagi maslahatni berdi:
“Imkoniyatdan foydalaning, oʻzingizga ishoning va harakatdan toʻxtamang. Oldingizga aniq maqsad qoʻying va unga erishing.”
