Namanganda 5 yoshli bog’cha bolasining zo’rlanishiga bog’liq jinoyat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumot berdi. Unga ko’ra, Bosh prokurorning o’zi tergov ustidan nazoratni qo’lga olgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2026-yil sentyabr oyida Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumani IIB TB tomonidan tumandagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida voyaga yetmagan shaxs zoʻrlanganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 118 (Nomusga tegish) va 112-modda (Oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish) lar bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Hozirda jinoyat ishi Namangan viloyati prokuraturasining ish yurituviga oʻtkazilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov ustidan nazorat shaxsan Bosh prokuror tomonidan oʻrnatilgan.
«Prokuratura tomonidan jinoyat ishi har tomonlama, toʻliq va xolisona tergov qilinishi hamda voyaga yetmagan jabrlanuvchining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi taʼminlanadi.
Jinoyatga aloqadorligi, uning holatlarini yashirish yoki masʼul shaxslarning harakatsizligi bilan bogʻliq har bir aniqlangan holatga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi», – deyiladi prokuratura matbuot xizmati xabarida.
Bundan tashqari, Bolalar Ombudsmani bog‘chadagi jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan MMTVga taqdimnoma kiritgan edi.
