Bolalar Ombudsmani bog‘chadagi jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan MMTVga taqdimnoma kiritdi

Bolalar Ombudsmani bog‘chadagi jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan MMTVga taqdimnoma kiritdi

Bolalar ombudsmani tomonidan Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligiga taqdimnoma kiritildi. Bu haqda tashkilot o‘zining rasmiy telegram sahifasida xabar berdi.

 

Joriy yilning 22-sentyabr kuni Bolalar ombudsmani maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchiga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritdi.

 

Taqdimnomada vazirlikdan mazkur holat yuzasidan o‘tkazilayotgan xizmat tekshiruvi natijalarini tanqidiy ko‘rib chiqish, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish hamda mas’ul xodimlarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasini ta’minlash so‘ralgan.

 

Shuningdek, hodisaning sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini ta’minlash, kelgusida bunday holatlarning oldini olish va takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha zarur choralar ko‘rish talab etilgan.

 

Jumladan, quyidagi choralarni amalga oshirish zarurligi ko‘rsatilgan:

 

  • respublikaning barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini qat’iy ta’minlash choralarini kuchaytirilish;
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining o‘z kasbiy vazifalarini bajarishi ustidan mas’ullar tomonidan manzilli tekshiruvlar tashkil etish;
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ichki nazorat mexanizmlari qayta ko‘rib chiqilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish.

 

Qonunchilikka muvofiq, vazirlik taqdimnoma ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida 15 kun muddatda Bolalar ombudsmaniga barcha zarur hujjatlar nusxalarini ilova qilgan holda ma’lumot berishi kerak.

 

Bolalar ombudsmani davlat organlari faoliyatida bola huquqlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishni davom ettirishini ma’lum qilgan.

 

Avvalroq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Namangandagi tarbiyalanuvchi bilan sodir bo‘lgan holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirgandi.