5 yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan zo‘ravonlikka daxldor deb gumonlangan bog‘cha xodimlari ishdan bo‘shatildi

5 yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan zo‘ravonlikka daxldor deb gumonlangan bog‘cha xodimlari ishdan bo‘shatildi

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chasida 5 yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ishchi guruh tuzildi. Voqeaga daxldor, deb gumon qilingan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

 

Avvalroq, Talimxabarlari.uz Namangan viloyatidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida 5 yoshli tarbiyalanuvchi qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqida xabar bergan edi.

 

Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan 12-sentyabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

 

Vazirlik rasmiy munosabat bildirdi

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur holatni atroflicha o‘rganish hamda mas’ullarning xizmat vazifalariga loyiqligini ko‘rib chiqish maqsadida ishchi guruh tuzganini ma’lum qildi.

 

Vazirlikning qayd etishicha, voqeaga aloqador bo‘lgan hamda o‘z xizmat vazifalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan tizim xodimlari va mansabdor shaxslarga nisbatan vakolat doirasida tegishli choralar ko‘riladi.

 

Shuningdek, ta’lim tashkilotining voqeaga daxldor, deb gumon qilingan xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

 

Vazirlik bu kabi salbiy holatlar boshqa bog‘chalarda ham takrorlanmasligi uchun maxsus Ishchi guruh a’zolari tomonidan hozirda barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari tekshirilayotganini hamda barcha zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.