Ijtimoiy tarmoqlarda qoraqalpog‘istonlik bolakayning Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish istagini bildirgani aks etgan videosi tarqalgan edi. Unga davlat rahbarining minnatdorlik maktubi va maxsus sovg‘alari topshirildi. Uning tarbiyachisi Gulbahor Saparova esa “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev 18–19-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurgan edi.
Safar davomida davlat rahbari sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, transport, turizm va sport sohalaridagi loyihalar, aholi bandligini ta’minlash hamda mahallalarni obodonlashtirish borasidagi ishlar bilan tanishgan.
Tashrif arafasida ijtimoiy tarmoqlarda Muhammadalining Prezident bilan uchrashish istagini bildirgani aks etgan videosi tarqalgan edi. Unda bolakay samimiy so‘zlari va Vatanga bo‘lgan mehri bilan murojaat qilgan.
Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida Muhammadaliga Prezidentning minnatdorlik maktubi va sovg‘alari tantanali ravishda topshirilgan.
Maktubda davlat rahbari Muhammadalining videomurojaatini ko‘rganini va undan mamnun bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, maktubda bolakayga “Sen ham ulgʻayganingda ajdodlarimizga munosib, el-yurtiga foydasi tegadigan inson boʻlishingni istayman” deya tilak bildirilgan.
Marosimda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Amanbay O‘rinboyev Prezidentning maktubini o‘qib eshittirdi. Shuningdek, Muhammadaliga alohida Prezident sovg‘asi, uning ota-onasi hamda u tarbiyalanayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga ham Prezident sovg‘alari topshirilgan.
Bolakayning tarbiyachisi Gulbahor Saparovaga esa Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumi qarori bilan “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirilgan.


