Ijtimoiy tarmoq orqali talaba murojaat qilib, ayrim oliy taʼlim muassasalarida diplom himoyasidan oldin ish joyi yoki bandlikni tasdiqlovchi hujjatlar talab qilinayotgani haqida xabar berdi. Shundan so‘ng vazirlik rasmiy munosabat bildirib, bitiruv malakaviy ishini himoya qilish jarayonida bunday qo‘shimcha talablar qo‘yilishi qonunchilikda nazarda tutilmaganini va jarayon faqat o‘quv dasturi mezonlari asosida amalga oshirilishini maʼlum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda davlat oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilaridan diplom himoyasidan oldin turli hujjatlar — jumladan, oʻzini oʻzi band qilgani toʻgʻrisida maʼlumot, rasmiy ish joyidan maʼlumotnoma yoki uch tomonlama shartnoma talab qilinayotgani haqidagi murojaatlar tarqaldi.
Unda murojaatchi talaba 4-kurs talabalariga rasmiy joyda ishlamaganligi sababli diplom himoya qilishga ruxsat berilmayotganligi, ishga joylashish uchun esa diplom talab qilinishi haqida gapirgan.
“Bitiruvchilar ish bilan taʼminlanishi shart degan qonun chiqdi. Shundan keyin universitetlar diplom himoyasi uchun hisobotimizni qabul qilmayapti, diplom himoyasiga ruxsat bermayapti. Rasmiy ishga kirasan, yoki my.gov.uz saytidan oʻz-oʻzini band qilish maʼlumotnoma olasan, keyin qabul qilamiz deyishyapti. Biz ishlashimiz kerak, diplom himoya qilishimiz kerakmi, oʻqishimiz kerakmi? Talaba qaysi birini qilishi kerak?” — deydi u.
Holat yuzasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga koʻra, amaldagi tartibga muvofiq, bitiruvchilardan bitiruv malakaviy ishiga kiritish yoki diplom berish jarayonida ish bilan bandligiga oid har qanday qoʻshimcha hujjatlarni talab qilish belgilanmagan. Bitiruv malakaviy ishi himoyasiga qoʻyish faqatgina oʻquv jarayoni bilan bogʻliq talablar asosida amalga oshiriladi.
“Shu bilan birga, bitiruvchilar bandligini tahlil qilish va ularning mehnat bozoriga chiqish jarayonini kuzatib borish maqsadida Soliq qoʻmitasi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Adliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot tizimlari oʻzaro integratsiya qilingan holda monitoring ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlar raqamli platformalar orqali avtomatik tarzda olib boriladi va talabalardan qoʻshimcha tasdiqlovchi hujjatlarni majburiy tarzda talab qilishni nazarda tutmaydi” — deyiladi xabarda.
Shuningdek, vazirlik tomonidan barcha oliy taʼlim tashkilotlariga bitiruvchilar bilan ishlashda qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etish, ularga nisbatan ortiqcha byurokratik talablar qoʻymaslik hamda har qanday maʼlumotlarni yigʻishda ixtiyoriylik tamoyiliga amal qilish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berilganligi maʼlum qilingan.
