Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 39-sonli umumtaʼlim maktabi filiali binosining yaroqsizligi haqida tanqidiy xabarlar tarqaldi. Viloyat MMTB holatni o‘rganib, o‘quvchilar taʼlim olish uchun boshqa maktab binosiga ko‘chirilgani ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlar hamda televideniye efirida Quva tumani, Bahor MFY, Qayragʻoch koʻchasida joylashgan 39-sonli umumtaʼlim maktabi filiali holati haqida tanqidiy xabar va lavhalar tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan viloyat MMTB rasmiy munosabat bildirdi. Unga koʻra, mazkur vaziyat tegishli tartibda atroflicha oʻrganilgan.
Aniqlanishicha, ushbu taʼlim muassasasining binosi 1950-yilda jamoa xoʻjaligining maʼmuriy binosi sifatida qurilgan. 1980-yilda qayta taʼmirlanib, maktabning boshlangʻich sinflari uchun moslashtirilgan.
Filialda 6 ta xonada 1–4-sinf oʻquvchilari taʼlim olgan. Hozirgi kunda esa filialda 9 ta sinf oʻquvchilari ikki smenada oʻqitilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, hokimlik, tegishli tashkilotlar hamda GAPM xulosasiga koʻra, mazkur bino taʼlim olish uchun yaroqsiz deb topilgan.
Shu munosabat bilan taʼlim jarayonlari bir kilometr uzoqlikda joylashgan maktabning asosiy binosiga koʻchirildi.
“Maʼlum qilamizki, taʼlim maskanining asosiy binosida oʻquvchilar uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoitlar yetarli darajada yaratilgan” — deyiladi rasmiy xabarda.
Avvalroq, Saida Mirziyoyeva Xorazmdagi taʼlim muassasalari holatini ko‘zdan kechirgani haqida xabar bergan edik.

