IELTS 7.5 va SAT 1500: xatirchilik maktab oʻquvchisi AQSH universitetlariga 508 ming dollar grant yutdi

IELTS 7.5 va SAT 1500: xatirchilik maktab oʻquvchisi AQSH universitetlariga 508 ming dollar grant yutdi

Navoiylik maktab bitiruvchisi AQSHning TOP univerisitetlariga umumiy qiymati 508 ming dollar boʻlgan taʼlim granti yutdi.

 

Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 30-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Abduaxatov Azizbek Zokir oʻgʻli AQSHning nufuzli TOP oliy taʼlim muassasalariga yirik grant asosida talabalikka qabul qilindi. Oʻquvchining IELTS 7,5 va SAT 1500 darajasi bor.

 

U quyida univeristetlarga 4 yillik grantni qo’lga kiritgan:

 

DePaul University — yiliga $32,000, 4 yil davomida (jami $128,000);

Marist College — yiliga $25,000, 4 yil davomida (jami $100,000);

Temple University — yiliga $20,000, 4 yil davomida (jami $80,000);

Pace University — yiliga $25,000, 4 yil davomida (jami $100,000);

Thomas Jefferson University — yiliga $25,000, 4 yil davomida (jami $100,000).

 

Azizbekning soʻzlariga koʻra, u ziyoli oilada tugʻilgan. Kichikligidan uning yaxshi oʻqishi uchun katta eʼtibor berilgan. U bolaligidanoq ingliz tili va matematika fanlariga qiziqqan va shu fanlarni yaxshiroq oʻzlashtirishi uchun qoʻshimcha kurslarga borgan. Bu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda ingliz tilidan IELTS 7.5 va SAT dan 1500 sohibiga aylangan.

 

“AQSH madaniyatiga qiziqishim shu yerda oʻqish istagini uygʻotgan”

 

Azizbekning AQSH madaniyati, muhiti, taʼlim jarayoniga qiziqishi ingliz tilini oʻrganishni boshlaganidan buyon ortib borgan va shu qiziqish shu yerdagi TOP universitetlar talabasi boʻlishga undagan.

 

“Amerikaga qiziqishimning asosiy sababi bu — oʻzgacha muhit. Ingliz tilini oʻrganishni boshlaganimdan beri ingliz madaniyati meni har doim hayron qoldirib kelgan. U yerga borish, odamlar bilan uchrashish, ularning ovqatlarini tatib koʻrish katta orzularimdan boʻlgan boʻlsa, ularning nufuzli universitetlarida taʼlim olish, oʻzimga oʻxshagan oʻquvchilar bilan fikr almashinish, u yerdagi professorlar bilan bir xonada tadqiqotlar olib borish esa asosiy maqsadlarimdan biri edi. Hozirgacha beshta universitetga qabul qilingan boʻlsam ulardan toʻrttasi iqtisod yoʻnalishi yaʼni «Economy” va bittasi “Architecture”. Umumiy 20 ta universitetga hujjat topshirgan edim», — deydi Azizbek.

 

Azizbek hujjat topshirgan universitetlar orasida Harvard, Duke, Minerva, Tulane kabi juda taniqli oliygohlar ham boʻlgan, lekin afsuski, bu universitetlarga qabul qilinmagan. U oʻqishga qabul qilingan oliygohlar orasidan Marist Universityʼni tanlagan.

 

“Oʻqishga qabul qilinganim haqida koʻrganimda eng birinchi faxr tuygʻusini his qildim va ota-onamning mendan faxrlanayotganini koʻrish bu hissiyotga yanada chuqurroq maʼno va kuch bagʻishladi. Bu nafaqat shaxsiy yutugʻim, balki oilam uchun ham muhim natija ekanini his qildim. Shu bilan birga, kelajagimni ana shunday nufuzli universitetlarda oʻtkazish, yangi imkoniyatlar eshigini ochish va mustaqil ravishda oʻsib, rivojlanish haqidagi oʻylar meni yanada ilhomlantirdi. Bu lahza men uchun nafaqat quvonchli, balki katta masʼuliyatni ham his qilgan, hayotimdagi burilish nuqtalaridan biri boʻldi”, — deydi grant sohibi.

 

Azizbekning taʼkidlashicha, u Marist Universityʼni kuchli akademik dasturlari, ayniqsa, biznes va analitika yoʻnalishlaridagi yuqori sifati, zamonaviy infratuzilmasi va talabalar uchun yaratilgan qulay, qoʻllab-quvvatlovchi muhit sabab tanlagan. Universitetning amaliy tajribaga yoʻnaltirilgan taʼlim tizimi va xalqaro imkoniyatlari ham qarorimda muhim rol oʻynadi. Oʻquvchiga ajratilgan grant kontrakt toʻlovining 50 foizini qamrab oladi, yaʼni oʻqish xarajatlarining yarmi qoplanadi.

 

«Kuchli essay boʻlsa kirish imkoniyati ham shuncha oshadi»

 

Azizbekning aytishicha, u uchun grant yutishdagi eng qiyin bosqich hujjat topshirish boʻlgan. Unga barcha kerakli hujjatlari toʻliq yigʻish va ularni oʻz vaqtida grant uchun yuborish ancha mehnat va sabr talab etgan.

 

“Deadline” sababli tezroq hamma hujjatlarni yigʻish va ularni toʻgʻirlab chiqish “stressfull experience” sifatida qolgan. Yana bir murakkab holatlardan biri bu insho yozish bilan bogʻliq edi. Amerika universitetlari uchun “personal essay” eng muhim manba. Kuchli essay boʻlsa kirish imkoniyati ham shuncha oshadi. Essay yozish uchun qarib 5 oy vaqt ketgan. U vaqt davomida koʻplab “draft essays” hamda oʻzgartirishlar kiritilgan. Oʻz hikoyamni topib olish anchagina vaqt hamda mehnat talab qilgan», — deydi oʻquvchi.

 

“Hech kim ishonmagan paytda ham oilam qoʻllab-quvvatlagan”

 

Azizbekda chet elda oʻqish xohishi ingliz tilini oʻrganishni boshlagan vaqtlaridayoq paydo boʻlgan. Bu maqsadini ota-onasi, aka-opalari baravar qoʻllagan. Oilasi uning maqsadiga yetishish yoʻlida barcha imkoniyatlarni yaratish berishga harakat qilishgan.

 

“Hech kim ishonmagan paytlarda ham ular oilam menga ishonch bildirishgan hamda fikrlarim, qarashlarim, qiziqishlarimni rivojlantirish uchun barcha sharoitni qilib berishgan. Baʼzida, hammasiga qiziqish soʻngan holatlarim ham boʻlgan. Lekin ota-onam mendan yaxshi natijalarni kutayotganligi va ularning yaratib bergan juda keng imkoniyatlari menga kuch, energiya va oʻqish uchun motivatsiya bergan”, — deydi Azizbek.

 

 

Azizbekning taʼkidlashicha, u “extracurricular activity” yaʼni, maktabdan tashqari mashgʻulotlar, volontyorlik harakatlarida ishtirok etmagani uning eng katta xatolaridan biri. Faqatgina sertifikatlar (IELTS, SAT, TOEFL, DUOLINGO) bilan Amerikaning yoki shunga oʻxshash boshqa davlatlarning TOP universitetlarga kirish umuman olganda imkonsiz. Inson har tomonlama yetuk yaʼni, “well-rounded” boʻlishi, liderlik mahoratini koʻrsatishi kerak.

 

“Maktabdan tashqari qoʻshimcha mashgʻulotlarni 8 yoki 9- sinflardan boshlang. Oʻzingizni qiziqqan narsangizda sinab koʻring. Jamiyatga ozgina taʼsir koʻrsatsangiz ham bu sizning portfoliongizni ancha boyitadi. Faqat fanlar bilan bloklanib qolmang”, — deydi Azizbek.

 

Azizbekning soʻzlariga koʻra, oʻzi xohlagan universitetlarga toʻliq grant yutolmaganligi sababli hali moliyaviy muammolar mavjud. Lekin u “scholarship programm”larga hujjat topshirib, ulardan yutgan mablagʻ evaziga universitet kontraktiga yetarli pul yigʻishni maqsad qilgan.

 

“Agar kontraktlar toʻliq qoplanmasa, Oʻzbekistonda universitetlarida bir yil qolib, keyingi yil yana harakat qilib koʻrish asosiy niyatlarimdan biri. Bu yil Yevropa universitetlariga topshirib koʻrmagandim, endi Yevropaning ham TOP universitetlariga hujjat topshirib koʻraman”, — deydi Azizbek Talimxabarlari.uz sayti muxbiriga bergan intervyusida.

 

Azizbekning oʻqishlariga omad va oldiga qoʻygan maqsadlariga yetishishini tilab qolamiz.