“178 balldan keyin ortga yo‘l yo‘q edi”: muddatidan avval 189 ball to‘plagan abituriyent hikoyasi

“178 balldan keyin ortga yo‘l yo‘q edi”: muddatidan avval 189 ball to‘plagan abituriyent hikoyasi

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi 6-sonli umumta’lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi Sattorova Xulkaroy Tura qizi milliy sertifikatlar orqali yuqori natija ko‘rsatib, 189 ball bilanmuddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. U bilan suhbat davomida tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklar va muvaffaqiyat siri haqida so‘zlashdik.

 

“Havasdan boshlangan yo‘l meni 189 ball sari olib bordi”

 

Uning aytishicha, 9-sinfni tugatgach, yozgi ta’tilni bekorga o‘tkazmasdan, tumandagi  o‘quv markazida ona tili fanidan tayyorgarlikni boshlagan. Dastlabki testlarda yuqori natijalar ko‘rsatgani sababli milliy sertifikat guruhiga o‘tkazilib, tayyorgarlik jarayoni yanada jiddiy bosqichga o‘tgan.

 

“Sertifikat olish g‘oyasi dastlab muvaffaqiyatli insonlarga havas qilishim, ota-onam va ustozlarimning maslahati tufayli paydo bo‘ldi”, — deydi Xulkaroy.

 

Shundan so‘ng Xulkaroy uchun tayyorgarlik oddiy dars emas, balki maqsadli jarayonga aylanadi. U o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yadi va bu yo‘lda ortga qaytmaslikka qaror qiladi. Aynan shu bosqich uning keyingi muvaffaqiyatlari uchun poydevor bo‘lib xizmat qilgan.

 

Har bir fan uchun alohida reja: qisqa muddatda katta natija

 

“Har bir fan uchun alohida reja tuzdim va shu rejaga qat’iy amal qildim”, — deydi u.

 

Xulkaroy qisqa muddat ichida bir nechta fanlardan sertifikat olishga muvaffaq bo‘lgan: ona tili va adabiyot fanidan 6 oyda A daraja, tarix fanidan 2 oyda C+, ingliz tilidan 10 oy davomida B2 daraja, matematika fanidan esa 5 oyda B darajali sertifikatni qo‘lga kiritgan.

 

Tayyorgarlik jarayonida u o‘quv markazdagi darslar bilan birga ustozlari tavsiya qilgan manbalardan foydalangan. Ona tili va adabiyotida qoidalar jamlanmasi va testlar, tarixda darsliklar va qo‘llanmalar asosiy rol o‘ynagan. Ingliz tilini o‘rganishda esa elektron platformalardan foydalanish samarali bo‘lgan.

 

“Faqat berilgan vazifalar bilan cheklanmadim, uyda qo‘shimcha mashqlarni ko‘p bajardim”, — deydi Xulkaroy.

 

U o‘rganilgan mavzularni alohida daftarga yozib borib, muntazam takrorlashga odatlangan. Bu usul bilimlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etgan.

 

“178 balldan keyin ortga yo‘l yo‘q edi”

 

“Tongni kitob bilan boshlardim, qayerga borsam ham yonimda kitobim bo‘lardi”, — deydi qahramonimiz.

 

Xulkaroy vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga alohida e’tibor qaratgan. U ertalab mutolaa bilan kunni boshlagan, maktabda ham bo‘sh vaqtlarini darsga ajratgan, tushdan keyin esa o‘quv markazda shug‘ullangan. Hatto tanaffus vaqtlarida ham takrorlashni odat qilgan.

 

Bunday jadval esa uyqu rejimiga ham ta’sir qilgan:

 

“Ba’zan kech uxlab, erta turishga to‘g‘ri kelardi, chunki vazifalar ko‘p edi”.

 

Tayyorgarlik jarayonida tushkunlik holatlari ham bo‘lgan. Bunday paytlarda u o‘zini ruhlantirishga harakat qilgan:

 

Maqsadimga erishganimni tasavvur qilardim. Ayniqsa, 178 ball yig‘ganimdan keyin 189 ballga juda yaqin qolganim meni yanada ko‘proq harakat qilishga undadi”.

Uning fikricha, psixologik tayyorgarlik kamida bilim kabi muhim.

Shoshqaloqlik — eng katta xato: test strategiyasi va muhim tavsiyalar

Imtihon jarayoni haqida gapirar ekan:

 

“Savollarni shoshilmasdan, oxirigacha tushunib o‘qish juda muhim. Shoshqaloqlik eng katta xatolardan biri”, — deydi Xulkaroy.

 

U testda eng katta xato sifatida shoshqaloqlikni ko‘rsatadi. Uning fikricha, tezlikdan ko‘ra aniqlik muhimroq. Tartibli va xotirjam ishlash yuqori natijaning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

 

Telefon va ijtimoiy tarmoqlar masalasida esa u qat’iy qaror qilgan:

 

“Chalg‘ituvchi ilovalarni o‘chirib tashladim va faqat o‘qish uchun kerakli platformalardan foydalandim”.

 

Xulkaroy tengdoshlariga ham muhim tavsiyalar beradi: faqat darslik bilan cheklanmaslik, bir fan doirasida kengroq o‘rganish va nazariyani amaliy mashqlar orqali mustahkamlash zarur.

 

Shuningdek, u maktab tizimi haqida ham o‘z fikrini bildiradi. Uningcha, yuqori sinf o‘quvchilarini tanlagan yo‘nalishiga qarab chuqurroq o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilsa, bunday natijalarga erishayotgan o‘quvchilar soni yanada ortadi.

 

Hozirda Xulkaroy badiiy kitoblar mutolaasi bilan shug‘ullanmoqda, she’riyat yo‘nalishida turli tanlovlarda qatnashmoqda va kelgusida IELTS hamda SAT kabi xalqaro sertifikatlarga tayyorgarlikni boshlashni rejalashtirmoqda.

 

Avvalroq, namanganlik o‘quvchi o‘ziga kerakli fanlardan sertifikatlar olib, muddatidan avval talabalikni naqd qilgani haqida xabar bergan edik.