Namangan viloyati Chust tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 11-01 sinf o‘quvchisi Qurbonaliyev Shohruxbek Sherali o‘g‘li bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U matematika fanidan A, CEFR B2, o‘zbek tili va adabiyotdan B+, tarixdan esa B darajali natijalarni qayd etdi.
Shohruxbekning aytishicha, u kelgusida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirgan.
O‘quvchi sertifikatga tayyorgarlikni 10-sinfning ikkinchi yarmidan boshlagan va ba’zi qiyinchiliklarga duch kelgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.
“Matematikaga 7 oy, tarixga atigi 2 hafta tayyorlandim”
Shohruxbek fanlar bo‘yicha turlicha muddatlarda tayyorlanganini aytadi:
“Matematika fanidan 7 oy tayyorlandim, ingliz tilidan yetarlicha bazam borligi uchun 1,5 oy yetarli bo‘ldi. Ona tiliga 25 kun, tarix fanidan muddat qisqaligi uchun 2 hafta tayyorlandim”, – deydi u.
Tayyorgarlikda u turli manbalardan foydalangan:
“Tayyorgarlikda asosan turk kitoblari, IDC kitoblari va boshqa qo‘llanmalardan foydalandim.”
Shu bilan birga, o‘quvchi muvaffaqiyatining asosiy omillaridan biri sifatida intizomni ko‘rsatadi:
“Tayyorgarlik vaqtida qat’iy tarzda tartibga rioya qilardim va darslarni qoldirmasdan bajarardim.”
“Savollar o‘ylaganimdan qiyin bo‘ldi”
Imtihon savollari uning kutganidan murakkabroq bo‘lgan:
“To‘g‘risi, savollar o‘ylaganimdan ancha qiyin tushdi va biroz qiyinchiliklarga duch keldim”.
Biroq bu holat uni harakatdan to‘xtatib qo‘ymagan.
“Kuniga 5–6 soat shug‘ullanardim”
“Maktabimizda o‘qituvchilar sertifikatlar olishimiz uchun imkoniyatlar yaratib berishadi lekin maktabimiz Ixtisoslashtirilgan maktab bo‘lganligi uchun maktab vazifalarini ham o‘z vaqtida bajarish muhim edi. Dars qilishga keladigan bo‘lsak bir kunda 5 yoki 6 soatgacha shug‘ullanar edim”.
Vaqt taqsimoti masalasida Shohruxbek ham maktab ham sertifikatga tayyorgarligini birga olib borgan.
“Aynan shunday rejimda dars qilishim tufayli kam soatli uyqu rejimiga o‘rganganman. Ya’ni kuniga 5 yoki 6 soat uxlar edim, kechqurun 12 largacha dars qilib, ertalab soat 5:30 larda uyg‘onishga o‘rganganman”
“Tushkunlik holatlari ham bo‘lgan”
Shohruxbek bosimlarni ham boshdan kechirganini ta’kidladi:
“Sertifikat imtihonlarini topshirib chiqqanimdan so‘ng javoblari chiqquniga qadar tushkunlikka tushardim. Ba’zida biroz siqilib qolgan vaqtlarim ham bo‘lgan”
Bu holat ko‘plab abituriyentlarga tanish bo‘lgan jarayonlardan biri.
“Savolni diqqat bilan o‘qish kerak”
Imtihon borasida u tengdoshlariga quyidagicha maslahat berdi:
“Testlarda xato qilmaslik uchun eng muhimi savolni yaxshilab o‘qish kerak va javoblarni belgilayotganda 2 yoki 3 martagacha tekshirib keyin belgilash kerak”.
Shuningdek, yaxshi o‘qishni va har qanday natija bo‘lishidan qat’iy nazar tayyorgarliklarni davom ettirish tarafdoriligini bildirdi.
“Telefon chalg‘ituvchi emas”
Telefon borasida ba’zi o‘quvchilar buni chalg‘ituvchi narsaligini aytsa, yana boshqalar samarali tayyorlanish mumkin bo‘lgan qurol deb biladi. Shohruxbek esa telefon masalasida birinchi fikr tarafdori:
“Ko‘pchilik telefon va ijtimoiy tarmoqlarni chalg‘ituvchi omil deb hisoblaydi. Lekin men tayyorgarlik davrimda doimiy ravishda ulardan foydalanar edim va chalg‘ituvchi deb hisoblamayman. Muhimi inson o‘zini o‘zi boshqara olishi kerak”, – deydi u.
Hozirda Shohruxbek o‘z ustida ishlashni davom ettirmoqda:
“Ayni vaqtda vaqtni behuda sarflamaslik uchun yangi chet tillarini o‘rganmoqdaman va sport to‘garaklariga doimiy ravishda qatnashmoqdaman”, – deya yakunlaydi o‘quvchi.
Shohruxbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Jizzaxda 11-sinf o‘quvchisi bir nechta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniga ega bo‘lgan haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, surxondaryolik o‘quvchi bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgani haqida ma’lum qilingandi.
