2024/2025-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari Prezident farmoniga muvofiq yangicha tartibda – “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqich: abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda abituriyentlar faqat test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan oliygohni tanlaydi;
Imtihonlar iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi.
Ikkinchi bosqich: abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan keyin 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.
Bunda abituriyentlar o‘zining olgan baliga qarab, testlar o‘tib bo‘lgandan keyin, qaysi oliygohning qaysi yo‘nalishiga topshirishini tanlaydi.
2025-yilgi ma’lumot
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilgi test sinovlarida 614 768 nafar abituriyent testga kirgan. Bu 2024-yilgiga qaraganda 122 mingga kam.
Bunda testda qatnashgan abituriyentlarning 253 844 nafari (41,2%) 56,7 balni (maksimal ballning 30%i) to‘play olmagandi.
2026-yilgi baholash mezonlar qanday bo‘ladi?
Mezonlar o‘tgan yilgi qabuldek bo’ladi, hech narsa o’zgarmagan. Ya’ni jami 5 ta fan, 90 ta savol. Maksimal ball — 189.
Barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan:
Ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) — 10 ta savol;
Matematika — 10 ta savol;
O‘zbekiston tarixi — 10 ta savol.
30 ta savol uchun 1.1 balldan jami 33 ball.
2 ta mutaxassislik fanidan:
1-fan: 30 ta savol x 3.1 ball = 93.0 ball;
2-fan: 30 ta savol x 2.1 ball = 63.0 ball.
60 ta savol uchun jami 156,0 ball.
SAT
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan bakalavriatga qabul qilish tartibiga muvofiq, SAT xalqaro imtihoni natijalari oliy ta’lim muassasalariga kirishda inobatga olinadi. Batafsil bu yerda
Chet tili sertifikatlari: B1 va B2
Hukumat qarori bilan “Oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tahririga ko‘ra, endi fanlar majmuasida chet tili birinchi yoki ikkinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga kamida B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatlar qabul qilinadi.
Fanlar majmuasida chet tili fani mavjud bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlariga qabulda:
— B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ballning 75 foizi miqdorida ball beriladi;
— B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ball beriladi.
B1 bo‘yicha imtiyoz, qachon olinganidan qat’i nazar, amalda bo‘lgan, muddati tugamangan barcha sertifikatlar uchun taalluqli. Odatda sertifikatlar 3 yil muddatga amal qiladi. Bu degani, masalan, o‘tgan yili olingan B1 sertifikat uchun ham 75% lik imtiyoz beriladi. Joriy yilda qayta olish shart emas.
Abituriyentlar uchun OTMga kirishda tan olinadigan chet tili sertifikatlar ro‘yxati bilan bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin: Batafsil bu yerda
O‘zbek tilida olingan milliy sertifikat yevro yo‘nalishga ham o‘tadimi?
Javob: Ha, o‘tadi. Milliy sertifikatda til masalasida istisno faqat “Ona tili va adabiyot” (o‘zbek tili, rus tili va qoraqalpoq tili va adabiyoti) faniga taalluqli. Chunki bular alohida fanlar hisoblanadi.
Ona tili va adabiyot fanidan olingan sertifikat faqat shu til bo‘yicha mos guruhda inobatga olinadi. Masalan, yevro guruhga topshirmoqchi bo‘lgan abituriyent o‘zbek tili va adabiyotidan sertifikat olgan bo‘lsa, o‘tmaydi.
Qolgan fanlardan milliy sertifikat qaysi tilda olinganidan qat’i nazar, rus (yevro) guruhga hujjat topshirishga to‘sqinlik qilmaydi.
Faqat kirish imtihonida tilni tanlayotganda rus tilini tanlasa bo‘lgani, imtihonni rus tilida topshiraveradi.
2025-yil o‘tish ballarini qanday bilish mumkin?
Texnik nosozlik sabab vaqtincha ishlamay qolgan mandat.uzbmb.uz sayti yana ishlay boshladi. Hozir sayt xizmati qayta tiklangan, biroq 2025-yilgi o‘tish ballari hali e’lon qilinmagan.
2024-yilgi o‘tish ballari, kontrakt narxlari bilan @mandat_javobbot orqali tanishishingiz mumkin.
Davlat OTM yo‘nalishlari ro‘yxati va ularga mos test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshiriladigan fanlar majmuasi – Faylni yuklash
2026/2027-o‘quv yili qabuli kirish test sinovlarida abituriyentning bilimini baholash uchun javoblar varaqasi namunasi – Faylni yuklash
O‘qishga ikkinchi va undan keyingi marta topshirayotgan abituriyentlar joriy yilgi imtihonlar uchun qancha to‘lov qiladi? Batafsil bu yerda o‘qishingiz mumkin
Avvalroq, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab tibbiyot yo‘nalishida kadrlar tayyorlash tizimida qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha qaror loyihasi e’lon qilingani haqida xabar bergan edik. Batafsil bu yerda
