5 ta milliy sertifikat va IELTS 7.0: surxondaryolik yana bir o‘quvchi muddatidan oldin talaba bo‘ldi

5 ta milliy sertifikat va IELTS 7.0: surxondaryolik yana bir o‘quvchi muddatidan oldin talaba bo‘ldi

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Farmonov O‘tkirbek Xudoyberdi o‘g‘li muddatidan oldin talaba bo‘lish imkonini qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga, u IELTS 7.0 sertifikatiga ham ega.

 

U kimyo A+, biologiya A, tarix C+, matematika hamda o‘zbek tili va adabiyot fanlaridan C darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.

 

Shuningdek, IELTS imtihonining turli qismlaridan quyidagicha ball olgan:

 

Listening — 8.0,

Reading — 7.0,

Writing — 7.0,

Speaking — 6.0.

 

Overall: 7.0 (C1)

 

O‘tkirbek kelgusida Toshkent davlat tibbiyot universitetining Davolash ishi yo‘nalishiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan IELTS va milliy sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va tajribasi bilan suhbatlashdi.

 

“10-sinfda sertifikat olish fikri tug‘ilgan, lekin bu juda qiyin ishdek tuyulgandi”

 

O‘tkirbekning aytishicha, unda sertifikat olish g‘oyasi 10-sinfda paydo bo‘lgan. Biroq dastlab bu yo‘l unga ancha murakkab ko‘ringan.

 

“10-sinfda o‘qiyotgan paytimda sertifikat olish fikri tug‘ildi, lekin to‘g‘risi, bu juda qiyin ishdek tuyuldi. Tayyorgarlik oson bo‘ldi deb ayta olmayman, chunki har bir ishning o‘z mashaqqati bor. Agar to‘g‘ri ustozlar bilan tayyorlansa, bu mashaqqat anchagina kamayadi. Shuning uchun, ustozlarim Abdurasul Tog‘aymurodov va Xushboq Jumayevlarga va boshqa barcha ustozlarimga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman”.

 

“Barcha fanlardan sertifikat yig‘ishga 1,5 yil yetarli bo‘ldi”

 

U milliy sertifikatlarga tayyorgarlikni 10-sinfda boshlagan. Uning aytishicha, barcha fanlardan sertifikatlarni yig‘ib bo‘lish uchun jami 1,5 yil vaqt ketgan.

 

“Tayyorgarlikni 10-sinfda boshlaganman. Barcha fandan sertifikatlarni yig‘ib bo‘lishga jami 1,5 yil yetarli bo‘ldi. Bunda biologiya va kimyo uchun 1,5 yil, majburiy fanlar — ona tili va adabiyot hamda matematika uchun 1 oy, tarix fani uchun esa 5 oy davomida tayyorlandim.”

 

“Mutaxassislar tuzgan testlar va ustozlar tahlili tayyorgarlikda katta yordam berdi”

 

O‘tkirbek har bir fan uchun aynan shu yo‘nalish mutaxassislari tomonidan tuzilgan test to‘plamlaridan foydalanganini aytadi. Bundan tashqari, ustozlari bergan testlarni muntazam tahlil qilib borish ham tayyorgarlikning muhim qismi bo‘lgan.

 

U bu yo‘lda birga tayyorlangan tengdoshlarining hissasini ham alohida e’tirof etadi.

 

“Har bitta fandan o‘sha fanning mutaxassislari tomonidan tuzilgan test to‘plamlardan foydalandim. Bundan tashqari, ustozlarim beradigan testlarni doim tahlil qilib bordim. Albatta, bunda men bilan birga tayyorlangan tengdoshlarimning ham hissasi katta edi. Ular ham muddatidan oldin maksimal ball yig‘ishdi”.

 

“Ko‘p hollarda javob savolning o‘zida yashiringan bo‘ladi”

 

Uning fikricha, test ishlashda bitta usul hamma savolga birdek to‘g‘ri kelmaydi. Ba’zi savollarda javob variantlaridan kelib chiqish foydali bo‘lsa, ayrim murakkab savollarda taxminiy son tanlash usuli samaraliroq bo‘lgan.

 

“Tayyorgarlikda men uchun eng samarali usul – savolga qarab yo‘l tanlash edi. Sababi ba’zi savollarda javobdan ketish eng yaxshi usul bo‘lsa, ba’zi qiyinroq savollarda esa taxminiy son tanlash yaxshiroq edi. Lekin eng muhimi savolni to‘liq hamda e’tibor bilan o‘qish va tushunish, chunki ko‘p hollarda javob savolning o‘zida yashiringan bo‘ladi”.

 

“Savollar kutganimdan osonroq bo‘ldi, lekin hayajon to‘liq potensialni ko‘rsatishga xalaqit berdi”

 

O‘quvchining aytishicha, imtihon savollari u kutgandek qiyin bo‘lmagan, aksincha, ayrim fanlarda kutilganidan osonroq tushgan. Biroq imtihon paytidagi hayajon sabab o‘z imkoniyatini to‘liq namoyon etish qiyinlashgan.

 

Bu holat ayniqsa majburiy fanlarda yaqqolroq sezilgan.

 

“Savollarning darajasi kutganimdan osonroq bo‘ldi, lekin imtihonda bo‘ladigan hayajon tufayli to‘liq potensialni ko‘rsatish qiyinroq bo‘ldi. Ayniqsa, bu majburiy fanlarda yaqqol ko‘zga tashlandi”.

 

“Haqiqiy imtihondan ko‘ra kamroq vaqtda ishlab bo‘lishga harakat qilardim”

 

U vaqtni tejashni o‘z tayyorgarligidagi eng muhim jihatlardan biri sifatida ko‘rsatadi. Shu sabab test ishlaganda haqiqiy imtihonda beriladigan vaqtdan ham tezroq tugatishga urinib ko‘rgan.

 

Shuningdek, savollarni yechishda iloji boricha osonroq yo‘llarni izlaganini aytadi.

 

“Qachonki test ishlaganimda, haqiqiy imtihonda beriladigan vaqtdan ko‘ra kamroq vaqtda ishlab bo‘lishga harakat qilardim. Ko‘proq vaqt tejash uchun iloji boricha osonroq yo‘llar izladim. Bu men uchun eng yaxshi metod bo‘ldi.”

 

“Maktab va tayyorgarlikni birga olib borish oson bo‘lmadi”

 

Tayyorgarlik jarayonida maktab darslari bilan sertifikat uchun o‘qishni birga olib borish ancha murakkab kechgan.

 

“Albatta, tayyorgarlik va maktab darslarini bir vaqtda olib borish oson bo‘lmadi. Ko‘p hollarda vaqtdan yutish uchun maktabning o‘zida ham dars qilardim, ba’zida darsga ketayotgan paytlarimda ham kitob o‘qib ketardim”.

 

U milliy sertifikatga tayyorgarlik davrida uyqu rejimi sezilarli darajada buzilganini, hatto umuman uxlamagan paytlari ham bo‘lganini ta’kidlaydi. Shunga qaramay, vaqtida uxlashga harakat qilgan, chunki asosiy energiya uyqudan kelishini yaxshi tushungan.

 

“Uyqu rejimim anchagina buzildi, umuman uxlamagan paytlarim ham bo‘lgan. Lekin iloji boricha vaqtida uxlashga harakat qilardim, chunki asosiy energiya manbayim uyqu bo‘lgan.”

 

Ingliz tili bo‘yicha tayyorgarlikni maktab bilan birga olib borish ham oson kechmagan. U kunning birinchi yarmida repetitorga qatnagan, ikkinchi yarmida esa maktabga borgan.

 

“Ikkalasini birdek olib ketish juda qiyin bo‘lgan. Kunning birinchi yarmida repetitorga, ikkinchi yarmida esa maktabga borardim. Ayrim hollarda vazifalarni to‘liq tugatolmasdim”.

 

“Avvalo o‘zim bu ishni eplay olishimga ishondim”

 

O‘tkirbek psixologik tayyorgarlikni bu yo‘lda hal qiluvchi omillardan biri deb hisoblaydi. Uning aytishicha, birinchi navbatda o‘zida ishonch bo‘lishi kerak.

 

“Psixologik tayyorgarlik – haqiqatdan ham juda muhim. Birinchi navbatda, o‘zim bu ishni eplay olishimga ishondim va natijani kutish jarayonida har doim pozitiv o‘ylashga harakat qildim. Lekin sertifikatga tayyorgarlik vaqtida test natijam yaxshilanmasa, anchagina stressga tushardim. Shunday vaqtlarda ota-onam menga yordam berardi va ularning menga bo‘lgan ishonchini his qilib, harakatda davom etardim”, – deydi u.

 

“Qiyinroq savollarni oxiriga qoldirardim”

 

Uning fikricha, savol to‘liq anglanmasa, to‘g‘ri javobni topish qiyin.

 

“Yuqori ball olishni maqsad qilgan abituriyentlar birinchi navbatda savolni mukammal tushunishi kerak. Chunki savolni to‘liq tushunmay turib, uning javobini topib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, vaqtdan yutish uchun qiyinroq savollarni oxiriga olib qo‘yardim va to‘g‘riligiga ishonch hosil qilgan savollar javobini darrov titulga ko‘chirardim.”

 

Tengdoshlariga tavsiya berar ekan, u eng avvalo to‘g‘ri ustoz tanlash muhimligini aytadi. Bundan tashqari, tez hisoblashni mashq qilish ham kerak deb hisoblaydi.

 

“Tengdoshlarimga beradigan asosiy tavsiyam shuki, birinchi navbatda to‘g‘ri ustoz tanlash kerak va tezroq hisoblashni mashq qilish kerak.”

 

“Telefonning zararidan ko‘ra foydasi ko‘proq bo‘lgan”

 

O‘tkirbekning fikricha, telefon to‘g‘ri ishlatilsa, o‘quvchi uchun foydali vosita bo‘lishi mumkin. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda me’yorni ushlash zarur.

 

“Men uchun telefonning zararidan ko‘ra foydasi ko‘proq bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlardan cheklanish oson emas albatta, lekin doim me’yorni ushlashga harakat qilardim. Agar telefon ishlatayotgan abituriyentlar o‘zlarini kerakli vaqtda to‘xtatishni bilmasa, undan ko‘ra telefon ishlatmaganlari ma’qulroq. Lekin Instagram’dan butunlay voz kechilishi kerak, deb hisoblayman.”

 

“Iqtidorli o‘quvchilar uchun alohida sinflar tashkil qilinishi kerak”

 

Ta’lim sifatini oshirish haqida gapirar ekan, O‘tkirbek maktablarda iqtidorli o‘quvchilar uchun alohida sinflar tashkil etish tarafdori ekanini bildiradi.

 

“Barcha maktablarda ta’lim sifatini oshirish uchun iqtidorli o‘quvchilar uchun alohida sinflar tashkil qilinishi kerak deb hisoblayman. Shunda qo‘shimcha repetitorga borishga ham hojat qolmaydi”.

 

IELTS sari yo‘l: 7-sinfdan boshlangan tayyorgarlik

 

O‘tkirbek ingliz tilini 2022-yilda, ya’ni 7-sinfda o‘rganishni boshlagan. 8-sinfda esa ustozlaridan biri unga sertifikat olishni taklif qilgan va bu taklif unga ham qiziq tuyulgan.

 

“Ingliz tilini 2022-yildan, ya’ni 7-sinfda o‘rganishni boshlaganman. 8-sinfda esa ustozim sertifikat olishni taklif berdi va bunga men ham qiziqib qoldim.”

 

“CEFR uchun 1 yil, IELTS uchun esa 2 oy yetarli bo‘ldi”

 

Uning aytishicha, avval milliy CEFR imtihoniga tayyorlangan va bunga 1 yil vaqt sarflagan.

 

“Milliy CEFR imtihoni uchun 1 yil davomida tayyorlandim va 8-sinfda unga erishdim. Keyin bilganlarimni takrorlab, IELTS olish uchun 2 oy tayyorlandim. Bu vaqt menga yetarli bo‘ldi, IELTS’ni 9-sinfda olganman”.

 

“Listening’da yuqori natija uchun audio tezligini balandroq qo‘yardim”

 

O‘tkirbek IELTS’dan yuqori natijaga erishish uchun juda ko‘p mashq qilganini aytadi. Listening ko‘nikmasini kuchaytirish uchun audioni tezroq eshitish usulidan foydalangan.

 

Bundan tashqari, diqqatni yo‘qotmaslik uchun shovqinliroq joylarda dars qilishni odat qilgan.

 

“8.0 olish uchun juda ko‘p practise qilganman, ko‘pincha audioning tezligini balandroq qo‘yardim. Imtihonda ko‘proq diqqatni yo‘qotmaslikka harakat qilardim, buning uchun shovqinliroq joylarda dars qilardim.”

 

“Yoshim kichik bo‘lgani uchun bosim his qilmaganman”

 

“Practise uchun Cambridge’ning testlaridan foydalanardim va TEDx Talks kanalidan turli xil podcastlar eshitardim.”

 

IELTS tayyorgarligi davomida u katta bosim sezmaganini aytadi. Shu sababli tushkunlik holatlari ham deyarli bo‘lmagan.

 

“Yoshim kichikroq bo‘lgani sababli bosim his qilmaganman, shu sabab tushkunlikka tushish ham kuzatilmagan.”

 

“Hayajon sabab to‘liq potensialimni ko‘rsatish qiyin bo‘lgan”

 

Imtihon paytida kuchli hayajon bo‘lgani uchun o‘z imkoniyatini to‘liq namoyon eta olmaganini aytadi. Natijani kutish davrida esa iloji boricha u haqda kamroq o‘ylashga harakat qilgan, o‘ylagan taqdirda ham ijobiy fikrlashni tanlagan.

 

“Sertifikat vaqtida kuchli hayajon bo‘lgani sababli to‘liq potensialimni ko‘rsatish qiyin bo‘lgan, kutish jarayonida esa natija haqida deyarli o‘ylamas edim. O‘ylaganda ham doim pozitiv o‘ylashga harakat qilardim”, – deydi u.

 

O‘tkirbek IELTS natijasiga o‘zi to‘liq qoniqmaganini yashirmaydi. Biroq uning atrofidagilar bu natijani katta yutuq sifatida qabul qilgan.

 

“Natijam men uchun qoniqarli bo‘lmagan bo‘lsa-da, umuman olganda atrofimdagi barcha xursand edi.”

 

Ayni paytda u o‘z ustida ishlashni davom ettirmoqda. U suhbat yakunida rus tilini o‘rganayotgani va qo‘shimcha ravishda badiiy asarlar mutolaa qilayotganini aytdi.

 

O‘tkirbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Buxoro viloyati Kogon tumanidagi 25-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Zaripova Muborak Zubaydullo qizi muddatidan oldin talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.