Denov tuman 101-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 4-sinf oʻquvchisi Abduraxmonova Dilobar CEFR B2 sertifikatiga ega bo‘ldi. O‘qituvchisining ta’kidlashicha, ular bir yil davomida tayyorgarlik ko‘rgan.
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi 101-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi Abduraxmonova Dilobar ingliz tilidan B2 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritdi.
Ayni paytda yoshi 9 da bo‘lgan o‘quvchi bu natijaga o‘zining qiziquvchanligi va o‘qituvchilarining to‘g‘ri ko‘rsatmalari orqali erishgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchini tayyorlantirgan ustozi Elbek Ibragimov bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashdi.
“Dastlabki qiziqish va izchillik muvaffaqiyat kalitidir”
Dilobarni tayyorlagan o‘qituvchining aytishicha, ular ishni 2025-yil bahoridan boshlashgan.
“Dastlabki darslarimizdan boshlaboq o‘quvchining qiziquvchanligi va intilishi meni hayratda qoldirdi — shu narsa katta ilhom berdi”, — deydi u.
O‘quvchining boshlang‘ich darajasi “beginner” bo‘lgan bo‘lsa-da, katta mehnat va to‘g‘ri metodika orqali ayni damdagi natijaga erishilgan.
“Dilobar kelganida beginner darajasida edi — ya’ni ingliz tili deyarli noldan boshlangan. Lekin birgalikdagi izchil mehnat va to‘g‘ri metodik yondashuv orqali asta-sekin poydevor qo‘yib, ko‘nikma ustiga ko‘nikma qurib bordik. Bu natija bir kecha-kunduzda emas, sabr va tizimli ishning mahsulidir”, — ta’kidlaydi o‘qituvchi.
“Yosh o‘quvchilarni B2 darajasiga yetkazish mumkin”
O‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, yosh o‘quvchilar bilan ishlash qiyin, lekin mumkin:
“Yosh o‘quvchilar bilan ishlash qiyin, lekin mumkin — va buning isbotini o‘z tajribamda ko‘rdim. Bunday o‘quvchilar bilan ishlashda eng muhimi — ularning yosh xususiyatini hisobga olish. Bolaga haddan tashqari bosim o‘tkazmaslik, har bir kichik yutuqni ta’kidlab, ishonchini mustahkamlash kerak. Shuningdek, o‘quv materialini o‘yin va qiziqarli faoliyatlar bilan uyg‘unlashtirish — bu yoshdagi o‘quvchilar uchun juda samarali”.
Dars jarayonida qanday metodlardan foydalandingiz?
“Asosan kommunikativ yondashuv — ya’ni o‘quvchi darsdan tashqarida ham ingliz tilida fikrlashga o‘rganishi uchun sharoit yaratdik. Har to‘rt ko‘nikmani — reading, listening, speaking va writing — teng darajada rivojlantirdik. Real hayotiy vaziyatlar asosida mashqlar, audio va video materiallar, shuningdek, yozma topshiriqlar katta rol o‘ynadi. Bundan tashqari, har darsda oldingi mavzu qisqa takrorlanib, yangi bilim ustiga qurildi”.
Kuchli tomon va e’tibor talab qilgan sohalar
“Ushbu o‘quvchining eng kuchli tomoni — xotirasi va yangi so‘zlarni tez o‘zlashtirishi edi. “Vocabulary” jihatidan u juda tez rivojlandi. Ko‘proq e’tibor bergan sohamiz esa “speaking” va “writing” bo‘ldi. Chunki bu ko‘nikmalar amalda qo‘llanilganda, ya’ni erkin fikrni inglizcha ifodalashda qo‘shimcha mashq va vaqt talab qiladi”, — dedi pedagog.
Motivatsiya va ota-onaning roli
O‘qituvchi motivatsiyani jarayonning yuragi deb hisoblaydi:
“Motivatsiya — bu jarayonning yuragi. Men har bir o‘quvchi uchun kichik maqsadlar belgilayman va har maqsadga yetilganda bu yutuq albatta ta’kidlanadi. O‘quvchi “men uddalay olaman” degan his bilan darsdan ketishi kerak. Bundan tashqari, o‘quvchiga mos keladigan mavzularda inglizcha gaplashish, qo‘shiq, kino yoki podkast orqali tilni hayotiy qilib ko‘rsatish ham motivatsiyani ushlab turadi”.
Pedagog Elbek Ibragimovning ta’kidlashicha, ota-onaning faol qo‘llab-quvvatlashi ham muhim ahamiyatga ega:
“Ota-onaning qo‘llab-quvvatlashi — farzandiga “bo‘ladi, uddasidan chiqasan” deyishi — ba’zida eng yaxshi darsdan ham samaraliroq ishlaydi. Bu oilada ota-ona doimo jarayonda bo‘ldi: uy vazifalarini nazorat qilib, qiziqish bildirib, farzandining har bir yutug‘ini nishonlab turdi. Shuni alohida ta’kidlamoqchiman — bunday natijaning ortida faqat o‘quvchi yoki ustoz emas, balki butun oila turibdi”.
“Til o‘rganish sprint emas..”
O‘qituvchi til o‘rganmoqchi bo‘lgan o‘quvchilarga uchta asosiy tavsiyani berdi:
“Birinchidan — izchillik. Haftada bir marta emas, har kuni hech bo‘lmasa 20–30 daqiqa ingliz tili bilan shug‘ullanish. Ikkinchidan — sabr. Til o‘rganish sprint emas, marafon. Uchinchidan — tilni faqat darsda emas, kundalik hayotda ham qo‘llashga harakat qilish: inglizcha film ko‘rish, musiqa tinglash, kitob o‘qish. Va eng muhimi — to‘g‘ri ustozni topish, chunki metodik yondashuv hamma narsani hal qiladi”, — deydi u.
“B2 — yosh cheklovi emas”
O‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, yosh o‘quvchilar tizimli mehnat, ota-ona ishtiroki va to‘g‘ri metodik yondashuv bilan B2 darajasiga erisha oladi.
“So‘nggi paytlarda yosh o‘quvchilarni B2, C1 darajali sertifikatni olayotgani haqida ko‘p gapirilmoqda va o‘z faoliyatimda ham bunday natijalarni ko‘rganman. Lekin shuni aniq aytishim mumkin: bu “mo‘jiza” emas — bu tizimli mehnatning natijasi. Agar yosh o‘quvchi to‘g‘ri ustozga topshirilsa, oila jarayonda faol bo‘lsa va o‘quvchining o‘zi ishonsa — B2 yosh cheklovi emas. Biz buning isbotigа o‘zimiz guvoh bo‘ldik. Shu bilan birga, shoshmaslik kerak — har bir bola o‘ziga xos sur’atda rivojlanadi, va biror natijaga majburlash emas, balki sevgi bilan yo‘naltirish — mening asosiy tamoyilim”, — yakunlaydi o‘qituvchi.
Avvalroq, Andijonda 10 yoshli maktab o‘quvchisi CEFR C1 sertifikatini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
