Toshkentda talaba giyohvandlik moddalarini tarqatayotgan vaqtida qoʻlga olindi

Toshkentda talaba giyohvandlik moddalarini tarqatayotgan vaqtida qoʻlga olindi

Toshkentda universitet talabasi Telegram orqali yuborilgan lokatsiyalar asosida giyohvandlik moddalarini tarqatayotganda qoʻlga olindi. Uning sumkasidan 36 dona kukunsimon modda topilgan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv olib borilmoqda.

 

Maʼlum qilinishicha, 24 yoshli yigit Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi boʻlib, ijtimoiy tarmoqlardagi reklama orqali ushbu “ishga” jalb qilinganini bildirgan.

 

Uning aytishicha, Telegram orqali yuborilgan lokatsiyalar asosida giyohvandlik vositalarini turli hududlarga yashirib ketgan. Talaba shu kuni oʻziga topshirilgan moddalarni 14 ta manzilga joylashtirib chiqqanini aytgan.

 

Holat profilaktika inspektori tomonidan hududni nazorat qilish davomida aniqlangan. Inspektor ariq boʻyida oʻtirgan notanish shaxs shubha uygʻotgani sababli xolislar ishtirokida uning sumkasini tekshirgan.

 

Tekshiruv davomida sumkadan 36 dona kukunsimon modda topilgan. Shundan soʻng voqea joyiga tezkor-tergov guruhi chaqirilgan.

 

Shuningdek, gumonlanuvchining telefonida yana bir nechta lokatsiyalar mavjudligi aniqlanib, tezkor tadbirlar davomida 14 ta manzildan giyohvandlik moddalari xolislar ishtirokida bayonnoma asosida olingan.

 

Talaba yigit qilgan ishidan afsusdaligini bildirib, pul uchun bu yoʻlga kirganini aytgan.

 

Hozirda holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Avvalroq, Toshkent shahri Yashnobod tumanida universitet yotoqxonasida faoliyat olib borgan narkokuryer talabalar qo’lga olingani haqida xabar bergan edik.