UPD: Milliy sertifikat natijalari ertangi kun davomida e’lon qilinadi

UPD: Milliy sertifikat natijalari ertangi kun davomida e’lon qilinadi

Amaldagi tartibga ko‘ra, 8-9-aprel kunlari e’lon qilinishi kerak bo‘lgan milliy sertifikat natijasi 26-martda bosqichma-bosqich e’lon qilinishi haqida xabar berildi. Bilim va malakalarni baholash agentligi xodimi natijalar 27-martda chiqishi haqida qo‘shimcha ma’lumot bermoqda.

 

Matematika, kimyo va geografiya fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari 2026-yil 21-22-fevral (shanba, yakshanba), 28-fevral, 1-2-mart (shanba, yakshanba, dushanba) va 7-mart (shanba) kunlari oʻtkazilgan edi.

 

Amaldagi tartibga muvofiq milliy yoki chet tili imtihon natijalari imtihon yakunlangan kundan boshlab 21 ish kuni ichida eʼlon qilinishi belgilangan.

 

Ushbu tartibga ko‘ra, natijalar 8-9-aprelda e’lon qilinishi kerak edi.

 

Ammo Bilim va malakalarni baholash agentligi masʼullaridan biri milliy sertifikat natijalari deyarli tayyor boʻlgani va natijalarni yuklash jarayonlari 26-martdan boshlanishi haqida xabar berdi.

 

Javlonbek Nurmatovning ushbu mavzu yuzasidan bergan yangi ma’lumotlariga ko‘ra, natijalar 26-mart emas 27-mart kuni e’lon qilinadi.

 

Matematika, kimyo va geografiya fanlari bo‘yicha Milliy sertifikat natijalarini rasmiylashtirish ishlari koʻproq vaqt olayotganini ma’lum qilamiz. Talabgorlar soni ko‘pligi sababli jarayon rejalashtirilganidan cho‘zilmoqda.

 

Shu bois, natijalarni ertaga kun davomida bosqichma-bosqich ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi, – deb yozadi Javlon Nurmatov.

 

Talimxabarlari.uz saytda e’lon qilingan xabar sabab yuzaga kelgan tushunmovchiliklar uchun kuzatuvchilardan uzr so‘raydi. Talabgorlardan o‘z shaxsiy kabinetlarini tekshirib borishni tavsiya etamiz. Natijalar bosqichma-bosqich e’lon qilinadi.