Biologiya, tarix va fizika fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari 2026-yil 28-, 29-, 30-mart (shanba, yakshanba, dushanba) hamda 4-, 5-, 6-, 7-aprel (shanba, yakshanba, dushanba, seshanba) kunlari o‘tkaziladi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Jumladan:
- 28-, 29-, 30-mart kunlari biologiya fanidan;
- 4-, 5-, 7-aprel kunlari tarix fanidan;
- 6-aprel kuni fizika fanidan.
28-, 29-, 30-mart kunlari biologiya fanidan test sinovi o‘tkaziladigan binolarga kirish vaqtlari:
1-smena uchun: 07:00 dan 08:30 ga qadar
2-smena uchun: 13:00 dan 14:30 ga qadar
Fizika va tarix fanlari bo‘yicha imtihonlarning smenalari hamda binolarga kirish vaqtlari imtihon sanasiga yaqin muddatda qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi. Bundan tashqari, har bir talabgor ushbu ma’lumotlarni o‘z ruxsatnomasidan ham ko‘rishi mumkin.
Test sinovlarida ishtirok etuvchi talabgorlar ruxsatnomani my.gov.uz veb-saytidagi “Mening arizalarim” bo‘limi orqali yuklab olishlari mumkin. Ruxsatnomada test sinovi o‘tkaziladigan sana, vaqt va manzil ko‘rsatilgan bo‘lib, talabgorlardan belgilangan vaqtda ruxsatnomada koʻrsatilgan manzilga yetib kelishlari so‘raladi.
Talabgorlar test sinovi o‘tkaziladigan binolarga faqat shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID-karta) bilan kiritiladi.
Eslatma: Ruxsatnomada belgilangan vaqtdan kechikkan talabgorlar test sinoviga kiritilmaydi va ular uchun qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi. Test topshiruvchilardan imtihon o‘tkaziladigan binolarga ortiqcha narsalarni (elektron qurilmalar, sumka, kitob, daftar, yozuv materiallari, ichimlik, ovqat, shaxsiy buyumlar va shunga o‘xshash) olib kelmaslik so‘raladi.
