“Savollar qiyin bo‘lmaydi, tayyorgarlik yetarli bo‘lishi kerak” – 189 ballni naqd qilgan o‘quvchi

“Savollar qiyin bo‘lmaydi, tayyorgarlik yetarli bo‘lishi kerak” – 189 ballni naqd qilgan o‘quvchi

Har bir yutuq ortida oylar va yillar davomidagi mehnat, sabr va ishonch yotadi. Jumladan, Buxoro viloyati Peshku tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 11-sinf o‘quvchisi Abubakr Nasilloyev bir nechta fandan milliy sertifikatlarni to‘plab, muddatidan oldin talabalikni qo‘lga kiritdi.

 

U matematika fanidan A+, o‘zbek tili va adabiyotidan B+, tarixdan B, ingliz tilidan esa CEFR B2 darajasini qo‘lga kiritgan.

 

Talimxabarlari.uz muxbiri 189 ballni naqd qilgan Abubakr Nasilloyev bilan suhbatlashdi. Intervyuda u sertifikatga tayyorgarlik bosqichlari, imtihon jarayoni va o‘z tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

 

“Sertifikat olish g‘oyasi 9-sinfda paydo bo‘lgan”

 

Abubakrning ta’kidlashicha, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro iqtisodiyot va menejment yo‘nalishiga hujjat topshirmoqchi.

 

Uning aytishicha, sertifikat olish istagi 9-sinfda paydo bo‘lgan:

 

O‘sha payt maktabimizda tashkil qilingan ingliz tili kursiga qatnashardim. 10 oy davomida puxta tayyorlanib, B2 sertifikatni qo‘lga kiritdim. Bu natija menga katta motivatsiya berdi va boshqa fanlardan ham sertifikat olishga turtki boʻldi.

 

O‘quvchi dastlab CEFR sertifikatini olganidan keyin, matematika faniga tayyorlanib, birinchi urinishda B+ natija qayd etgan. Ammo u bundan qoniqmagan.

 

Matematika fanidan birinchi martasida B+ daraja chiqdi lekin bundan sal qoniqmadim. Yana yaxshiroq tayyorlanib, bir yil ichida A+ darajani qo‘lga kiritdim.

 

Asosiy fanlaridan sertifikat olgach, majburiy fanlarga ham tayyorgarlikni boshlagan. O‘zbek tili va adabiyotiga 15 kun tayyorlanib, B+ natija qayd etgan. Tarix faniga esa 6 oy tayyorlanib, B darajasini olgan.

 

“Savollar qiyin bo‘lmaydi, tayyorgarlik yetarli bo‘lishi kerak” – 189 ballni naqd qilgan o‘quvchi

 

“Savollar qiyin emas, tayyorgarlikka bog‘liq”

 

Abubakrning fikricha, savollarning qiyinligi o‘quvchining o‘z tayyorgarlik darajasiga bog‘liq.

 

Savollar menga qiyinchilik tug‘dirmadi. Chunki har bir imtihonga o‘zimga ishonch bilan kirganman. Savollar maktab darsliklarida oʻrgangan mavzular boʻyicha tushdi, hech qaysi savol chetdan olinmagandi.  Savollar qiyin boʻlmaydi, u oʻzingizni qay darajada oʻqiganingizga bog‘liq. Agar yaxshi tayyorlangan bo‘lsangiz, muammo bo‘lmaydi.

 

“Uddalay olmasam-chi..”

 

O‘quvchining ta’kidlashicha, sertifikatga tayyorgarlik jarayoni qiyin kechmagan. Bunda maktabdagi ustozlarining ko‘magi muhim rol o‘ynagan.

 

Maktabimizda turli fanlardan to‘garaklar tashkil qilingan. Darsdan keyin shu mashg‘ulotlarga qatnashdim. Alohida kurslarga borib o‘tirmadik.

 

Bundan tashqari, inson o‘ziga ishonishi kerak. “Uddalay olmasam-chi” degan fikr umuman bo‘lmasligi kerak. Agar ishonch bo‘lmasa, kutilgan natijaga erishish qiyin. Shuning uchun, maqsadni katta qo‘yib, ishonch bilan oldinga qadam tashlash kerak.

 

Abubakrning fikricha, yuqori natija birdaniga kelmaydi.

 

Boshida ko‘p xato qilinadi. Bu esa motivatsiyani susaytirishi mumkin. Tayyorgarlik vaqtida test ishlab bo‘lgandan keyin keyin xatolarni birin-ketin koʻrib chiqish kerak va qaysi nuqtada qiynalayotgan boʻlsangiz ‘‘focus’’(e’tibor)ni oʻsha yerga qaratish kerak.Shu metod bilan sekin-sekin xatolar ham kamayib boradi va yuqori ball olsa boʻladi.  Men ham shu uslub bilan ishladim va natijasini ko‘rdim, — deydi u.

 

Test paytida u avval oson savollardan boshlashni ma’qul ko‘radi.

 

Test payti vaqtni tejash uchun avvalo oson savollarni yechib chiqaman, keyin miya moslashib olgandan soʻng qiyin savollarni ishlash uchun g‘oyalar kelaveradi, — deya qo‘shimcha qiladi u.

 

‘‘Internet – dushman emas..’’

 

Telefon va ijtimoiy tarmoqlar masalasida Abubakr zamonaviy yondashuv tarafdori.

 

Ularni dushman emas, do‘st sifatida ko‘rish kerak. Sababi hozirda texnologiyalar davrida yashayapmiz ulardan oqilona foydalanishni oʻrganish kerak. Shuni aytishim mumkinki, bu natijalarga erishishimga internetni ham hissasi bor. Tushunmagan mavzularimni turli saytlardan topib o‘rgandim. Maqsadi aniq bo‘lgan o‘quvchi telefonga chalg‘imaydi. Boshlagan ishingizni oxirigacha yetkazishni bilishingiz kerak.

 

Suhbat yakunida Abubakr tengdoshlariga aniq maqsad qo‘yishni tavsiya qildi.

 

Har bir ish rejasiz bo‘lmaydi. Avvalo, maqsadni aniq qoʻyish kerak. Xato qilishdan esa qo‘rqmaslik kerak. Har bir xatodan saboq olish zarur. Eng muhimi — o‘ziga ishonch. “Men qila olaman” degan fikr bilan tayyorlansa, natija ham shunga yarasha bo‘ladi, — deydi u.

 

Abubakrni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, ushbu maktabning 11-sinf o‘quvchilari Nigina Baxshilloyeva va Nargiza Nazirova muddatidan oldin talabalikni naqd qilgani, sertifikat sinovlariga tayyorgarlik jarayoni, imtihon tajribasi yuzasidan intervyu qilgan edik.