Toshkentdagi 15 yoshdan katta yoshlar uchun “Sefer” loyihasining 5-mavsumiga qabul boshlandi. Bir oy davom etadigan loyiha doirasida ishtirokchilar kitob mutolaasi, jamoaviy o‘yinlar, mentorlar bilan uchrashuvlar va turli rivojlantiruvchi tadbirlarda qatnashadi.
Sefer — yoshlarning kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish va ularni liderlik hamda professional ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida ochilgan loyiha hisoblanib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli band qilib kelmoqda.
Loyihaning barcha oflayn eventlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Shu sababli, tashkilotchilar Toshkentda yashaydigan yoki loyiha davomida Toshkentda bo‘la oladigan talabgorlarnigina qabul qilishadi. Bugunga qadar loyihaning 4 mavsumi o‘tkazilgan. Ayni vaqtda 5-mavsum uchun ham qabul ochiq.
Loyiha yoshi 15 dan oshgan talabgorlarni qabul qiladi. Unda qatnashuvchilarning asosiy qismi poytaxtdagi turli OTMlarning talabalari hisoblanadi.
‘‘Sefer’’da ishtirok etish mutlaqo bepul. Unga ariza berishda ham ishtirok etishda ham hech qanday pul talab qilinmaydi.
‘‘Sefer’’ loyihasi taxminan 1 oy davomida tashkil etiladi. Ushbu vaqt davomida ishtirokchilar uchun kitobxonlik, jamoaviy ishlash va shaxsiy rivojlanishga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkaziladi.
Loyiha davomida 5 ta asosiy jonli event tashkil etiladi. Shuningdek, ayrim mashg‘ulotlar onlayn shaklda ham o‘tkaziladi.
Ishtirokchilar loyiha doirasida 2 ta asosiy kitobni o‘qib, ular yuzasidan muhokama va tahlillarda qatnashadi. Kitoblar loyiha doirasida ishtirokchilarga bepul taqdim etiladi.
Bundan tashqari, loyihada jamoaviy o‘yinlar, kitob muhokamalari, mentorlar bilan uchrashuvlar va boshqa interaktiv mashg‘ulotlar tashkil qilinadi. Ishtirokchilar uchun esdalik sovg‘alari hamda loyiha davomida sirli sayohat ham rejalashtirilgan.
Loyihadagi tadbirlar asosan dam olish kunlari o‘tkaziladi. Shu sababli ishtirokchilar loyiha davomida tadbirlarda muntazam qatnashishga tayyor bo‘lishi kerak.
Yangi mavsum uchun qabul 1-oktyabrgacha davom etadi. Ishtirok etish uchun @sefer_loginbot orqali ro‘yxatdan o‘tib, savollarga javob berish kerak.
Eng yaxshi javob egalari ikkinchi, suhbat bosqichiga o‘tadi. Suhbatdan ham muvaffaqiyatli o‘tganlar esa ‘‘Sefer’’ning yangi mavsum ishtirokchisiga aylanadi.
Loyiha bilan yaqindan tanishib chiqish uchun uning Telegram va Instagramdagi sahifalarni taklif etamiz.
