Iqtidorli va olimpiada yutuqlariga ega oʻquvchilar borishi kerak bo‘lgan Sankt-Peterburgdagi “Алые паруса” bayramiga o‘z farzandi va jiyanini ham yuborgan Samarqand viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov ishdan olindi. Shuningdek, yana 5 nafar boshqarma xodimiga intizomiy jazo ko’rlishi mumkin.
Avvalroq, Sankt-Peterburgda oʻtkazilgan “Алые паруса” bayramiga Samarqand viloyatidan yuborilgan oʻquvchilar roʻyxati ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab boʻlgan edi. Gap shundaki, rasmiy hujjatlarda ishtirokchilarni tanlashda Iqtidorli va olimpiada yutuqlariga ega oʻquvchilarga ustuvorlik berish tavsiya etilgan boʻlsa-da, safarda ayrim amaldorlarning farzandlari ishtirok etgan edi.
Bayramda Samarqand viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamovning farzandi va jiyani hamda ayrim masʼul xodimlarning farzandlari ham ishtirok etgani aytilgan edi.
Keyinchalik, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tomonidan o‘tkazilgan majlisda agentlik rahbari Akmal Burxonov ushbu masalaga alohida to‘xtalib o‘tgan edi.
Uning ta’kidlashicha, o‘rganishlar natijasida Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Xususan, yutuqlarga erishgan o‘quvchilar o‘rniga rahbarlarning farzandlari va boshqa amaldorlarning yaqinlari yuborilgani ma’lum bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur safarning borib-kelish xarajatlari uchun mahalliy byudjetdan 95 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida, Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga aloqador mansabdor shaxslar tomonidan 28 million so‘m mablag‘ mahalliy byudjetga qaytarilishi belgilangan.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi mazkur mansabdor shaxslarni lavozimidan ozod etish bo‘yicha vazirlikka taqdimnoma kiritganini ham ma’lum qilgan edi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatining Gazeta.uz ga maʼlum qilishicha, Samarqand viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Muzaffar Hamdamov ishdan olingan.
Shuningdek, boshqarma boshligʻining oʻrinbosari A.B., buxgalteriya hisobi va davlat xaridlari shuʼbasi yetakchi mutaxassisi O.M., pedagoglarning bilim va malakalarini baholashni tashkil etish shuʼbasi bosh metodisti O.M., oʻquvchilar bilimini baholash va tahlil qilish shuʼbasi boshligʻi G. S., oʻquvchilar bilimini baholash va tahlil qilish shuʼbasi metodisti I.X.ga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash boʻyicha vazirlikka taklif kiritilgan.
