2025-yil 8-may kuni o‘tkazilgan tarix fani o‘qituvchilari attestatsiyasi O‘zbekiston ta’lim tizimida so‘nggi yillardagi eng keskin bahs-munozaralardan birini keltirib chiqardi. Bitta test savoli atrofida boshlangan nizo vaqt o‘tishi bilan sud jarayonlari, xalqaro ekspertlar xulosalari, ijtimoiy tarmoqlardagi noroziliklar va hatto Prezident nomiga yo‘llangan ochiq murojaatgacha yetib bordi.
Attestatsiya testida quyidagi savol berilgan:
“Yustinian vafotidan so‘ng, Vizantiyadan Ispaniyani tortib olgan qabila nomini belgilang.”
Ko‘plab o‘qituvchilar ilmiy manbalarga tayangan holda vestgotlar javobini belgilagan. Ammo Baholash markazi to‘g‘ri javob sifatida langobardlar variantini qabul qilgan.
Natijada, ming nafardan ortiq pedagogning javobi xato deb topilgan va bu ularning umumiy natijasiga ta’sir qilgan.
Shundan so‘ng, o‘qituvchilar savol mazmuni tarixiy faktlarga mos emasligi haqida e’tiroz bildirgan.
Pedagoglar e’tiroziga ko‘ra, test savoliga javob berishda ular oliy ta’lim muassasalari uchun tavsiya etilgan darsliklar, akademik qo‘llanmalar hamda xalqaro tarixshunoslikda shakllangan umumiy ilmiy qarashlarga tayangan. Mazkur manbalarda vestgotlar Ispaniyada hukmronlik qilgani, Yustinian davridan keyingi jarayonlarda aynan ular hududni nazorat ostiga olgani qayd etiladi.
Shu bilan birga, tarix fanida langobardlar asosan, Italiya hududida faoliyat yuritgan qabila sifatida tan olingan. Ularning siyosiy va harbiy faoliyati Apennin yarimoroli bilan bog‘lanadi, Ispaniyada hukmronlik qilganiga oid dalillar xalqaro ilmiy adabiyotlarda uchramaydi. Pedagoglar aynan shu dalillarga tayangan holda javob tanlaganini bildirmoqda.
Baholash jarayonida esa maktab uchun tasdiqlangan darslik asos qilib olingani aytilgan. Ya’ni test savoli amaldagi o‘quv adabiyotidagi matnga muvofiq baholangan. Bu yondashuv test topshirig‘i ilmiy fakt asosida tuzilishi kerakmi yoki darsliklar asosida tuzilishi kerakmi, degan masalani kun tartibiga olib chiqdi.
Attestatsiya natijalari e’lon qilingach, tarix fani o‘qituvchilarining bir qismi bahsli savol yuzasidan belgilangan ballardan norozi ekanini bildirib, amaldagi tartibga muvofiq apellyatsiya jarayoniga murojaat qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, apellyatsiya arizalari belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan. Biroq natijalar o‘zgartirilmagan va test bo‘yicha dastlabki baholash kuchda qoldirilgan. Ya’ni “vestgotlar” variantini tanlagan o‘qituvchilarga qo‘shimcha ball berilmagan.
Apellyatsiya natijasidan qoniqmagan bir guruh pedagoglar keyingi bosqich sifatida sud tartibida murojaat qilishga qaror qilgan. Da’vo arizalarida test savoli tuzilishi va baholash mezoni yuzasidan e’tirozlar qayd etilgan.
Sud majlislarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etgan. Sud yakunida vazirlik foydasiga qaror chiqarilgan va attestatsiya natijalari o‘zgartirilmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sud jarayonlari davomida pedagoglar nafaqat mahalliy darsliklar va oliy ta’lim manbalariga, balki xorijiy tarixshunos olimlarning rasmiy xulosalariga ham tayanishga uringan. Ular Ispaniyani vestgotlar egallagani haqidagi ma’lumot bir qator ilmiy manbalarda qayd etilganini, jumladan, professor F.A. Axmedshina mas’ul muharrirligida chop etilgan “O‘rta asrlar tarixi” asarida hamda marhum olim Tursunboy Salimov muallifligidagi, vazirlik tomonidan tasdiqlangan “Jahon tarixi” darsligida aks etganini ta’kidlagan.
Sudning bir nechta instansiyasida ish ko‘rib chiqilgach, tarix fani o‘qituvchilarining da’vosi asossiz deb topilib, vazirlik foydasiga qaror chiqarilgan. Shundan so‘ng, pedagoglar apellyatsiya shikoyati kiritgan. Ish yuqori instansiya sudi tomonidan 2026-yil 11-fevral kuni ko‘rib chiqilishi belgilangan edi. Biroq mazkur sud majlisida apellyatsiya shikoyati mazmunan ko‘rib chiqilmasdan qoldirilgan. Sabab sifatida tarixiy fakt va xatoliklarni baholash sud vakolatiga kirmasligi ko‘rsatilgan.
Bo‘lib o‘tgan bir necha sud ishlarida ham Ispaniyani vestgotlar egallagani haqidagi ma’lumotlar tan olinmagandan so‘ng, tarixchi-pedagoglardan biri AQSHning Pensilvaniya universiteti hamda bir nechta ispaniyalik tarixchi olimlariga bu masala bo‘yicha xulosa berishlarini so‘rab rasmiy xat yuborgan.
Shundan so‘ng, jahon reytingida TOP-100 ro‘yxatiga kiradigan Pensilvaniya universiteti va ispaniyalik olimlardan “langobardlar Ispaniyani bosib olmagan” degan mazmunda javob xatlari keladi.
“Sizning iltimosingizga binoan, ushbu xatni Pensilvaniya shtati universiteti (University Park, Pensilvaniya, AQSH) Tarix va klassik filologiya bo‘yicha Edvin Erl Sparks nomidagi professori sifatida yozmoqdaman.
So‘nggi antik davr va ilk o‘rta asrlar bo‘yicha mutaxassis olim, shuningdek Late Roman Spain and Its Cities (Baltimore, 2004) kabi ko‘plab kitoblar muallifi sifatida shuni tasdiqlaymanki, mavjud barcha dalillar va ilmiy doiralarda qaror topgan umumiy xulosalarga ko‘ra, so‘nggi antik davr hamda ilk o‘rta asrlarda Iberiya yarimoroli (hozirgi Ispaniya va Portugaliya, ya’ni Rimning Hispaniya viloyatlari) vestgot qirollari tomonidan boshqarilgan.
Milodiy 568-yildan keyingi davrda Italiyaning ayrim hududlari esa lombard qirollari va mustaqil lombard gersoglari hukmronligi ostida bo‘lgan. Ushbu masala bo‘yicha hujjatli asoslar uchun, jumladan, Roger Collinsning Early Medieval Spain (2-nashr, London, 1996) hamda Chris Wickhamning Early Medieval Italy (London, 1984) asarlariga murojaat qilishingiz mumkin.”
Ispaniyadagi Salamanka universiteti professori Pablo Diasdan “Langobardlar va Pireney yarimoroli o‘rtasidagi munosabat faqatgina xat almashinuvdan iborat bo‘lgan, langobardlar Italiyada hukmronlik qilgan, xolos. Langobardlar hech qachon Ispaniya bilan boshqa aloqaga ega bo‘lmagan” degan mazmunda rasmiy javob xati kelgan.
Shuningdek, Bordo universiteti professori, o‘rta asrlar tarixi bo‘yicha fan doktori Selin Martenning rasmiy javob xatida quyidagi jumlani ko‘rish mumkin:
“Ilk o‘rta asrlar haqida noma’lum narsalar juda ko‘p, ammo aniq bo‘lgan faktlardan biri shuki, langobardlar Pireney (Iberiya) yarimoroliga hech qachon, mutlaqo qadam bosishmagan.”
Ayni vaqtda bu mojaro tafsilotlari Ispaniyaga ham yetib borgan. Repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tarixchi-pedagog Jalol Boltayevning xalqtaliminfo.uz’ga ma’lum qilishicha, Ispaniya ommaviy axborot vositalari ham bu masalaga qiziqib, o‘zbekistonlik pedagog va jamoatchilik vakillaridan intervyu olishni rejalashtirmoqda.
Tarixchi-pedagog Jalol Boltayev Prezident nomiga ochiq murojaat yo‘llab, attestatsiyadagi bahsli savol yuzasidan adolatni tiklashni so‘ragan.
Ochiq xatda uchta asosiy talab ilgari surilgan:
- “Vestgotlar” javobini tanlagan pedagoglarning ballarini qayta hisoblash;
- Test savolida xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, uni rasman e’lon qilish;
- Attestatsiya tizimini qayta ko‘rib chiqish va pedagoglar bilan ochiq, konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish.
Murojaatda muallif masalani shunchaki tarixiy bahs emas, balki tizimga bo‘lgan ishonch muammosi sifatida talqin qiladi. Uning fikricha, agar o‘qituvchilar ilmiy asosga tayangan holda javob bergan bo‘lsa-yu, bu inobatga olinmasa, bu holat pedagoglar orasida tushkunlik kayfiyatini kuchaytirishi va ta’lim tizimiga bo‘lgan ishonchni susaytirishi mumkin.
Shuningdek, ochiq xatda attestatsiya jarayonlari o‘qituvchilarning moddiy ahvoli va kasbiy maqomiga bevosita ta’sir qilishi qayd etilib, masalani yuqori darajada ko‘rib chiqish so‘ralgan.


