“Men uchun bu sertifikatlar oddiy qog‘oz emas” — 10-sinf o‘quvchisi IELTS 7.0 va SAT 1540 natijali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi

“Men uchun bu sertifikatlar oddiy qog‘oz emas” — 10-sinf o‘quvchisi IELTS 7.0 va SAT 1540 natijali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi

Andijon viloyati Paxtaobod tumani 37-IDUM 10-A sinf o‘quvchisi Ibragimov Muxammadyusuf Muzaffar o‘g‘li IELTS 7.0 va SAT 1540 ballik xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Andijon viloyati Paxtaobod tumani 37-IDUM 10-A sinf o‘quvchisi Ibragimov Muxammadyusuf Muzaffar o‘g‘li IELTS 7.0 va SAT 1540 ballik sertifikatlarni oldi.

 

U IELTS’ning 4 ta bo‘limidan quyidagicha natijalar ko‘rsatgan:

 

Listening – 8.0

Reading – 7.0

Writing – 6.5

Speaking – 6.0

 

Overall: 7.0

 

SAT’dan esa Reading and Writing – 750, Math – 790

 

Total score: 1540

 

U ingliz tilini o‘rganishdan tortib, xalqaro universitetlarga grant asosida o‘qishga topshirish rejalari haqida gapirdi.

 

“Ingliz tilining imkoniyatlari juda keng ekanini tushundim”

 

Muxammadyusufning aytishicha, u chet tilini o‘rganishni ancha vaqt oldin boshlagan:

 

“Ingliz tilini ancha oldin boshlaganman. Avvaliga bu tilga oddiy qiziqish sabab kirib kelgan bo‘lsam, keyinchalik ingliz tilining imkoniyatlari juda keng ekanini tushundim. IELTS va SAT olish fikri esa chet el universitetlariga topshirish hamda o‘zimni xalqaro darajada sinab ko‘rish istagidan paydo bo‘ldi. Ayniqsa, dunyoning kuchli universitetlarida grant asosida o‘qish maqsadi menga katta motivatsiya berdi. Men uchun bu sertifikatlar oddiy qog‘oz emas, balki intizom va mehnatning natijasi edi”, — deydi u.

 

“Eng muhim narsa — muntazamlik”

 

U sertifikatlarga bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rgan. Jarayon haqida o‘quvchi quyidagilarni aytdi:

 

“IELTS va SAT’ga tayyorlanish bir necha oy davom etdi. Eng muhim narsa vaqt emas, balki muntazamlik bo‘ldi. Ba’zi kunlari ko‘p tayyorlanganman, ba’zi kunlari kamroq, lekin umuman to‘xtab qolmaslikka harakat qildim. SAT uchun matematik va reading qismida ko‘proq vaqt sarflashga to‘g‘ri keldi”.

 

“Kunlik rejim tartibli edi, xatolarni tahlil qilish ham muhim”

 

O‘quvchi o‘zining kunlik o‘qish tartibi haqida:

 

“Kunlik rejimim ancha tartibli edi. Maktabdan keyin asosan ingliz tili va SAT uchun alohida vaqt ajratardim. Reading, writing va vocabulary ustida har kuni ishlashga harakat qilganman. SAT uchun esa “math” va “critical reading” mashqlarini muntazam bajarganman. Eng muhimi, faqat o‘qish emas, balki xatolarni analiz qilish ham katta rol o‘ynagan”.

 

Muxammadyusufning ta’kidlashicha, u uchun IELTS’dagi eng qiyin bo‘lim bu “Reading” qismi bo‘lgan.

 

“Ingliz tilida eng qiyin ko‘nikmalardan biri — “reading” bo‘lgan. Chunki murakkab matnlarni tez tushunish va analiz qilish vaqt talab qiladi. SAT’da esa vaqt bosimi ancha seziladi. IELTS’da “listening” va “speaking” vaqt o‘tishi bilan yaxshilangan bo‘lsa ham, “reading” doim ko‘proq mehnat talab qilgan. Umuman olganda, tayyorgarlik jarayoni oson bo‘lmagan, lekin aynan shu jarayon insonni kuchli qiladi, deb o‘ylayman”.

 

“Ishonchli manbalardan foydalanish muhim”

 

“Tayyorgarlikda turli manbalardan foydalanganman. IELTS uchun Cambridge kitoblari juda foydali bo‘lgan. SAT uchun esa “College Board” materiallari va rasmiy practice testlar katta yordam bergan. Bundan tashqari YouTube’dagi bepul darslar, onlayn platformalar va turli mock testlardan ham foydalanganman. Eng muhimi — ishonchli manbalarni tanlash.”

 

“Qiyin paytda ham davom etish — muvaffaqiyat siri”

 

Boshqa sertifikat olmoqchi bo‘lganlar kabi ushbu o‘quvchida ham motivatsiya kamayishi va o‘zidan shubhalanish kayfiyati bo‘lib turgan.

 

“Motivatsiya tushib ketgan paytlar bo‘lgan. Ba’zan natijalar kutilgandek chiqmaydi yoki inson charchab qoladi. Shunday paytlarda o‘zimga nima uchun boshlaganimni eslatishga harakat qilganman. Katta maqsadni eslash va oz bo‘lsa ham davom etish motivatsiyani qayta tiklashga yordam beradi. Muvaffaqiyatning asosiy siri — qiyin paytda ham davom etish”, — eslaydi Muhammadyusuf.

 

“Hayajonni nazorat qilish ham muhim”

 

“Imtihon topshirish jarayonida hayajon juda kuchli bo‘lgan. Ayniqsa natijani kutish payti ancha qiziq va biroz stressli o‘tdi. Chunki qilgan mehnatingizning natijasi chiqishini kutasiz. Lekin imtihon vaqtida hayajonni nazorat qilish ham muhim ko‘nikma ekanini tushundim.

Natija chiqqan paytdagi birinchi hissiyotim — yengillik va xursandchilik bo‘lgan. Chunki uzoq vaqt davom etgan mehnatning natijasini ko‘rasiz. O‘sha paytda eng ko‘p his qilinadigan narsa — “hammasi bekorga ketmabdi” degan fikr bo‘ladi”.

 

“Jarayonga e’tibor bering”

 

Suhbat yakunida jarayonni boshidan kechirgan Muhammadyusufdan o‘z tajribasi va boshqalar uchun tavsiyalari haqida so‘radik.

 

IELTS va SAT olmoqchi bo‘lganlarga eng katta maslahat — natijaga emas, jarayonga e’tibor berish. Har kuni oz bo‘lsa ham ishlash hech narsa qilmagandan ancha katta farq qiladi. Ko‘pchilik motivatsiyani kutadi, uni o‘zingiz yarating. Yana ikki muhim narsa — xatolardan qo‘rqmaslik va intizom. Har bir past natija sizni kuchliroq qiladi. Agar inson muntazam ishlasa va o‘ziga ishonsa, yuqori natijaga erishishi albatta mumkin”, — deydi o‘quvchi.

 

Muhammadyusufning endigi maqsadi — xorijdagi nufuzli oliygohda tahsil olish.

 

“Endigi asosiy rejalarimdan biri — chet el universitetlariga grant asosida topshirish. Kuchli akademik muhit va katta imkoniyatlarga ega universitetlarda o‘qishni xohlayman. Kelajakda zamonaviy texnologiyalar, muhandislik va sun’iy intellekt sohalarida rivojlanishni maqsad qilganman”, — deya yakunlaydi sertifikatlar sohibi.

 

Muhammadyusufni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Navoiyda 8-sinf o‘quvchisi IELTS 8.0 va SAT 1250 natijali sertifikatlarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Suhbatni ushbu link orqali o‘qishingiz mumkin