“C1 uchun yetmagan 2 ball meni IELTS sari olib kirdi”: 8-sinf o‘quvchisi IELTS 8.0 va SAT 1250 natijali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi

“C1 uchun yetmagan 2 ball meni IELTS sari olib kirdi”: 8-sinf o‘quvchisi IELTS 8.0 va SAT 1250 natijali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi

Agentlik tizimidagi Navoiy viloyati Nurota tuman ixtisoslashtirilgan maktabining 8-sinf o‘quvchisi Muxtorova Gulasal Abdushukur qizi IELTS imtihonida 8 ball va SAT’dan 1250 ball natijalarni qayd etdi.

 

Navoiy viloyati Nurota tuman ixtisoslashtirilgan maktabining 8-sinf o‘quvchisi Gulasal Muxtorova IELTS 8.0 va SAT 1250 ballik xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. U yosh bo‘lishiga qaramay, qisqa muddat ichida xalqaro imtihonlarga tayyorlanib, yuqori natijalarga erishdi.

 

Gulasalning aytishicha, uning chet tillariga qiziqishi bolalikdan boshlangan bo‘lsa-da, IELTS va SAT’ga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish qarori keyinroq shakllangan.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdi.

 

“C1 uchun yetmagan 2 ball meni IELTS sari olib kirdi”

 

“Yoshligimdan ingliz tilini yaxshi ko‘rib o‘rganardim, lekin 7-sinfgacha bunga jiddiy qaramaganman. IELTS sertifikatini olishga “Multilevel” imtihonida olgan natijam sababchi bo‘lgan. O‘shanda 63 ball olganman va C1 uchun atigi 2 ball yetmagandi”, — deydi Gulasal.

 

“C1 uchun yetmagan 2 ball meni IELTS sari olib kirdi”: 8-sinf o‘quvchisi IELTS 8.0 va SAT 1250 natijali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi

 

Uning ta’kidlashicha, aynan shu natija unda yanada kattaroq maqsadlar uchun harakat qilish motivatsiyasini uyg‘otgan.

 

“Yoshligimdan chet elda o‘qishni orzu qilardim. IELTS’ning o‘zi yetarli emasligini bilgach, SAT’ga ham tayyorlana boshladim”, — deydi u.

 

“IELTS uchun 6 oy, SAT uchun esa 3 oy qattiq ishladim”

 

14 yoshli o‘quvchi IELTS sertifikatiga 6 oy davomida muntazam tayyorlangan. SAT imtihoni uchun esa 3 oy vaqt sarflagan.

 

Biroq maktab darslari va tayyorgarlikni birgalikda olib borish unga oson bo‘lmagan.

 

“Ikkala sertifikatga tayyorlanayotgan vaqtim maktab payti bo‘lgani uchun maktab va tayyorgarlikni birga olib borish qiyin edi, aksiga olib maktabdagi uyga vazifalar ham ko‘p. Shuning uchun, ko‘pincha uyqu rejimimni buzishga to‘g‘ri kelardi”, — deydi u.

 

“Writing qismi — meni eng ko‘p qiynagan”

 

Gulasalning aytishicha, IELTS’ning ayniqsa Writing qismi uning uchun murakkab bo‘lgan.

 

“Qancha ko‘p mehnat qilsam ham Writing natijamni oshira olmayotgandek tuyulardi. Ko‘pincha ‘uddalay olamanmi?’ deb ikkilanardim”.

 

Shunga qaramay, u harakatni to‘xtatmaganini ta’kidlaydi.

 

“Lekin ‘Consistency is the key of everything’ (Muntazamlik — har qanday muvaffaqiyatning kaliti) degan gap meni oldinga undardi. Shu sababli muntazam ishlashni davom ettirdim”, — deydi Gulasal.

 

“Mock natijalar past chiqqanida IELTS’ni tashlamoqchi bo‘lganman”

 

“Ko‘pincha IELTS’ga tayyorlanganimda turli veb-saytlardan foydalanardim, Google platformasida bunday mavzudagi saytlar juda ko‘p, lekin ko‘p foydali saytlar pullik bo‘lgani uchun biroz qiyinchilik bo‘lardi. SAT imtihoniga tayyorlanish uchun kurs sotib oldim va kurs davomida ancha progress ko‘rdim”.

 

Uning aytishicha, mock imtihonida past natija olgani uchun IELTS’ni yig‘ishtirish fikri ham bo‘lgan.

 

“Ko‘p vaqtlar, ayniqsa mock natijalarim past chiqqanida, IELTS’ni butunlay tashlab yubormoqchi bo‘lganman”, — deydi u.

 

Ammo uni to‘xtatmagan narsa — bosib o‘tilgan yo‘l va yaqinlarining ishonchi bo‘lgan.

 

“..‘No way back’ iborasi hayajonni yengishga yordam berdi”

 

Imtihon kunidagi hayajon ham o‘quvchi uchun unutilmas jarayon bo‘lgan.

 

“Imtihon paytidagi hayajonni bir ustoz aytgan ‘No way back’ iborasi yengishga yordam berdi, iloji boricha imtihon vaqtida diqqatimni jamlashga harakat qildim”.

 

Natijalarni kutish esa undan ham qiyinroq bo‘lgan.

 

“Bir soniyada olmoqchi bo‘lgan ballingiz va undan keyingi quvonch ko‘z oldingizga keladi. Keyingi soniyada esa past chiqib qolishi haqidagi qo‘rquv sizni qamrab oladi”, — ta’kidlaydi u.

 

“8 ballni ko‘rganimda, ichimda nimadir ‘nihoyat uddalading’ deb baqirgandi”

 

Gulasal IELTS natijasini ochish jarayonini ham hayajon bilan eslaydi.

 

“Imtihon javobi chiqqandan soʻng, qo‘llarim javobni ochishga qo‘rqqan va o‘zimni qanday natija chiqqaniga qaramay ko‘nglimni cho‘ktirmaslikka ko‘ndirgunimcha bir necha daqiqa ketgandi”.

 

Ammo natijani ko‘rgan lahza uning uchun unutilmas bo‘lgan.

 

“Birinchi marta 8 ballni ko‘rganimda juda quvongandim. Ichimda nimadir ‘nihoyat uddalading’ deb baqirardi-yu, lekin uni faqat men eshitolardim”, — eslaydi o‘quvchi.

 

SAT natijasi esa unda boshqacha hissiyot uyg‘otgan.

 

“SAT javobini ko‘rganimda esa buni mutlaqo aksi edi, uddalading deb baqirgan ovoz endi indamay turardi. Bu safar quvonganimdan emas, balki bundan ham balandroq natija olishim mumkinligini, lekin shu bilangina cheklanib qola olishimni bilganimdan yig‘ladim”, — deydi u.

 

“Har kuni 4 soat tayyorlanish bir kun 8 soat ishlashdan samaraliroq”

 

Hozirda Gulasal SAT natijasini yanada oshirishni maqsad qilgan.

 

“Endi SAT ballimni 1500+ darajaga olib chiqmoqchiman. Shundan keyingina top-100 universitetlarga kirish imkoniyati paydo bo‘ladi”, — deydi u.

 

U kelajakda “Massachusetts Institute of Technology” hamda Harvard University’da tahsil olishni orzu qiladi.

 

Gulasal xalqaro sertifikatlarga tayyorlanayotgan o‘quvchilarga quyidagicha tavsiya berdi:

 

“Natija bir kunda ko‘rinib qolmaydi, yaxshi natija yaxshigina mehnat va ko‘pgina qurbonliklar talab qiladi. Iloji boricha har kuni mashq qilish ham juda muhim. Bir kuni 8 soat, ikkinchi kuni umuman tayyorlanmaslikdan ko‘ra har kuni 4 soat tayyorlanish samaraliroq”.

 

Gulasalni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Qashqadaryoda 9-sinf o‘quvchi qiz SAT — 1320 ball, IELTS — 7,5 natija ko‘rsatgani haqida xabar bergan edik. Intervyuni o‘qish