Prezident Shavkat Mirziyoyev ilmiy kadrlarni tayyorlash va tadqiqotlarni samarali olib borish bo‘yicha yangi tashabbuslar bilan tanishdi. Ular stipendiyalarni oshirish, ilmiy darajalarni raqamlashtirish va ilmiy faoliyatni monitoring qilish tizimini joriy etishni nazarda tutadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Unda quyidagilar taklif qilindi:
– ustuvor yoʻnalishlardagi doktorantlar stipendiyasini 1,7 barobarga oshirish hamda ilmiy tadqiqotlarda zarur boʻlgan asbob-uskuna va reagentlar xaridi uchun har yili qoʻshimcha mablagʻ ajratib borish;
– Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, jumladan OAK faoliyatini Fanlar akademiyasi tizimida tashkil qilish, ilmiy kengashlar masʼuliyatini oshirish hamda ular faoliyatini reyting asosida baholash;
– ilmiy daraja berish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish (hozirda bu 50 foizni tashkil qiladi). Jumladan, koʻp sonli hujjatlarni chop etish, avtoreferatlarni katta miqdorda tayyorlash hamda dissertatsiyalarni takroran muhokama qilish bilan bogʻliq ortiqcha talablarni bekor qilish;
– “Loyiha doirasida ilmiy daraja” hamda “Amaliy doktorantura” dasturlarini yoʻlga qoʻyish;
– tadqiqot sifati, akademik halollik va ichki ilmiy nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirish;
– olimlarning ilmiy faoliyatini kuzatishning yagona raqamli tizimini joriy etish, ilmiy etika standartlarini takomillashtirish, tadqiqot sifati ustidan taʼsirchan monitoring mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish.
– Ilm-fan maslahat kengashini tashkil etish.
Prezident taqdim etilgan takliflarni puxta ishlab chiqish, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
