Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “karantin” joriy etilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Axborot xizmati bunday ma’lumotlar haqiqatga mos emasligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda poytaxtda karantin e’lon qilinishiga sabab bo‘ladigan xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tilga olinayotgan qizamiq, meningit, gepatit, sil kabi kasalliklar yuzasidan karantin choralarini joriy etishni taqozo etadigan holatlar aniqlanmagan.
Shuni ta’kidlash lozimki, har yili qishki mavsumda gripp va O‘RVI bilan kasallanish holatlari aholida mavsumiy ravishda ko‘payadi. Shu sababli ta’lim tashkilotlarida bolalar salomatligini himoya qilish maqsadida ertalabki filtr (saralash) ishlari, tana haroratini o’lchash, kasallik belgilari bor bolalarni vaqtincha ajratish, ota-onalarga tavsiyalar berish kabi profilaktik choralar olib boriladi.
Xususan, filtr (saralash) jarayonlari o‘tkazilib, bolalarning tana harorati o‘lchanadi, kasallik belgilari aniqlangan bolalar vaqtincha ajratiladi hamda ota-onalarga tegishli tavsiyalar beriladi. Ayni shu profilaktik choralar ayrim fuqarolar tomonidan noto‘g‘ri ravishda “karantin” sifatida talqin qilingan.
