Avvalroq, Samarqand maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasining boshligʻi, uning jiyani va ayrim masʼul xodimlarning bolalarini iqtidorli yoshlar oʻrniga xorijga yuborgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bu bo‘yicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xizmat tekshiruvi boshlanganini maʼlum qilgandi.
Bugun, 6-fevral kuni, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tomonidan o‘tkazilgan majlisda agentlik rahbari Akmal Burxonov ushbu masalaga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Uning ta’kidlashicha, o‘rganishlar natijasida Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Xususan, yutuqlarga erishgan o‘quvchilar o‘rniga rahbarlarning farzandlari va boshqa amaldorlarning yaqinlari yuborilgani ma’lum bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur safarning borib-kelish xarajatlari uchun mahalliy byudjetdan 95 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida, Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga aloqador mansabdor shaxslar tomonidan 28 million so‘m mablag‘ mahalliy byudjetga qaytarilishi belgilandi.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi mazkur mansabdor shaxslarni lavozimidan ozod etish bo‘yicha vazirlikka taqdimnoma kiritganini ma’lum qildi.
