Toshkent viloyati Angren shahar 20-maktabning 11-sinf oʻquvchisi Jumaboyeva Ziyoda IELTS 7.5 va SAT 1410 darajali xalqaro sertifikatlar sohibasiga aylandi.
Ziyodaning aytishicha, u IELTS imtihoniga 6 oy, SAT imtihoniga esa 4 oy davomida muntazam tayyorgarlik ko‘rgan. Maktab darslari bilan bir qatorda testlarga tayyorlanish eng katta sinov bo‘lgan bo‘lsa-da, vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish orqali bunga erishgan.
‘‘SAT imtihoni mening akademik salohiyatimni namoyon etsa, IELTS ingliz tilida bemalol ta’lim olishga tayyor ekanimni isbotlaydi. Bu imtihonlar men uchun shunchaki test emas, balki orzularimga ochiladigan eshikdir’’, — deydi u.
IELTS 7.5 ball, SAT 1410 ball
O‘quvchi IELTS va SAT imtihonining turli qismlaridan mos ravishda quyidagicha natija koʻrsatgan:
IELTS 7.5 (C1)
Listening – 8.5
Reading – 8.0
Writing – 6.5
Speaking – 6.5
SAT 1410 ball
Reading and Writing – 630 ball;
Math – 780 ball
Eng asosiysi — o‘zingizga ishonish..
Tengdoshlariga murojaat qilib, u shunday deydi:
“Mukammal bo‘lish shart emas, ammo to‘xtamaslik muhim. Muntazam harakat albatta katta natijaga olib keladi. Eng asosiysi — o‘zingizga ishonish va tanlagan yo‘ldan qaytmaslik”.
Mazkur sertifikatlar o‘quvchiga nafaqat xorijda, balki O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ham keng imkoniyatlar yaratadi. Xususan, hozirda u bir qator nufuzli oliygohlarda 4 yillik to‘liq grant asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega.
Kelgusida Jumaboyeva Ziyoda kuchli portfolio shakllantirib, AQSH yoki Kanada universitetlariga hujjat topshirishni, iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan.
Avvalroq, Toshkent shahar Olmazor tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 10-sinf o‘quvchisi Murodillayev Muhammadyusuf IELTS imtihonida 8.0 (C1) natijali sertifikatga ega bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
