Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryoda maktablarda qogʻoz kundaliklar tekshirilayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bunga munosabat bildirib, maktablarda anʼanaviy kundalik va sinf jurnallari joriy etilayotganligiga doir tarqalayotgan xabarlar huquqiy asosga ega emasligini ma’lum qildi.
Viloyat hokimligi kotibiyat mudiri tomonidan imzolangan hujjatga koʻra, ishchi guruh tarkibi, oʻrganiladigan yoʻnalishlar va muddatlar belgilangan. Guruhning asosiy vazifasi maktablarda oʻquvchilar va pedagoglar faoliyatini, hujjatlar yuritilishini va tarbiyaviy ishlarni kompleks tarzda tekshirishdan iborat.
Baʼzi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hujjatdagi bandlar maktablarda ortiqcha ish va qogʻozbozlikka olib kelishi mumkinligini bildirgan.
Xususan, Isroil Tillaboyev hujjatdagi bir qancha bandlar qonun talablariga toʻgʻri kelmasligini, oʻquvchilarning kundaliklari va oʻqituvchilarning konspektlari haqida ortiqcha talablar mavjudligini taʼkidlagan.
Ushbu xabarlar yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rasmiy izoh berdi.
Unga koʻra, maktablarda anʼanaviy (qogʻoz) kundaliklar va sinf jurnallari joriy etilayotganligi haqidagi xabarlar huquqiy asosga ega emas. Hozirgi vaqtda barcha umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarning davomati va fanlarni oʻzlashtirish baholari eMaktab elektron jurnal tizimi orqali amalga oshirilmoqda.
ʼʼMazkur tizim joriy etilishi natijasida ota-onalarning oʻz farzandlarining darslarni oʻzlashtirish darajasini masofaviy kuzatish imkoniyati yaratilib, oʻquvchilarni baholashda shaffoflik taʼminlanib kelinmoqda. Shuningdek, pedagoglar faoliyatiga doir turli qogʻozbozliklarning kamayishiga erishildiʼʼ — deyiladi vazirlik munosabatida.
Shuningdek, vazirlik respublikadagi maktablarga anʼanaviy kundalik va sinf jurnallariga qaytish boʻyicha topshiriq berilmaganligini maʼlum qildi.
