1-fevraldan yuridik oliygohni bitirib, ichki ishlarda ishlayotganlarga talabalik davri ham staj sifatida qo‘shiladi

1-fevraldan yuridik oliygohni bitirib, ichki ishlarda ishlayotganlarga talabalik davri ham staj sifatida qo‘shiladi

Joriy yil 27-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida poytaxtda xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

 

Yig’ilish davomida kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish, malakali va fidoyi kadrlarni rag‘batlantirish doimiy e’tiborda bo‘lishi ta’kidlandi.

 

Videoselektor davomida 2026-yil 1-fevraldan boshlab yuridik oliygohni bitirib, ichki ishlar tizimiga ishga kirganlarga oliygohda o‘qigan davri ham stajga qo‘shilishi ta’kidlandi.

 

Bundan tashqari, yig’ilishda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligida giyohvandlikka qarshi alohida rahbar o‘rinbosarlari joriy etish vazifasi berildi.

 

Qayd etilishicha, o‘tgan yilda Toshkent shahrida 1,5 mingdan ortiq narkotik vositalarga ruju qo‘ygan shaxslar rasman ro‘yxatga olingan. Eng tashvishlisi, rasmiy hisobga olinmagan, ya’ni “soya”da qolayotgan giyohvandlar soni bundan ham ko‘p bo‘lib, ularning aksariyatini yoshlar tashkil etadi.