Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Xatirchi tumani Langar qishlog’ida o’qituvchining qalin qor oralab maktabga borayotgan aks etgan videolar tarqaldi va jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo’ldi.
Muyassar Mamadaliyeva 1993-yildan buyon ta’lim tizimida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Oliy toifali, 33 yillik tajribaga ega ustoz tarix fanidan milliy sertifikatga ega bo‘lgan ustozlardan biri. U faoliyat yuritayotgan 450 o‘rinli 58-maktab Xatirchi tumani markazidan qariyb 50 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Xatirchilik tarix fani o’qituvchisi Muyassarxon Mamadaliyeva bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda vazir o’zining telegramdagi sahifasida xabar berdi.
Suhbat davomida vazirning maktabga qatnov masalalari, ta’lim muassasasidagi mavjud sharoitlar, vazirlik tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan amaliy yordam yuzasidan bergan savoliga «elektron doskalar bo’lsa yaxshi edi», deb javob bergan o’qituvchi.
«Sizga sovg’a tariqasida maktabingizga elektron doskalarni yetkazamiz, Muyassarxon. Xudo xohlasa, Navoiyga yo’lim tushsa, albatta, maktabingizga boraman, siz bilan uchrashaman», – dedi vazir.
