“Yil o‘qituvchisi” tanlovining 1-bosqichi natijalari belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqildi va ishtirokchilarning keyingi bosqichga tavsiya etilgan yoki tavsiya etilmaganligi statusi pedagog.uzedu.uz platformasida e’lon qilindi.
Natijalaringiz bilan Pedagog platformasida ‘‘Murojaatlarim’’ boʻlimidagi ‘‘Yil oʻqituvchisi natijasi’’ qismi orqali tanishishingiz mumkin.
Tanlovning ikkinchi bosqichida nomzodlarning oʻz fanidan dars oʻtish mahorati mazkur bosqich baholash mezonlari asosida hakamlar hayʼati hamda taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar tomonidan baholanadi. Bunda:
– sinov darslari oʻtkaziladigan maktablar roʻyxati Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi;
– hakamlar hayʼati tomonidan nomzod dars beradigan fan boʻyicha qurʼa tashlash yoʻli bilan tanlab olingan sinfda tasodifiy mavzu (taqvim-mavzu rejaga muvofiq) tanlab olinib, ikkinchi bosqichga oʻtgan oʻqituvchi tomonidan dars mashgʻuloti oʻtiladi hamda 60 ballik tizimda baholanadi;
– taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan nomzodlar tomonidan maxsus platformaga joylashtirilgan darsning videoyozuvlari 40 ballik tizimda baholanadi.
Ikkinchi bosqich yakunidan har bir tuman (shahar)dan eng yuqori ball toʻplagan 2 nafardan nomzod tanlovning uchinchi bosqichiga oʻtkaziladi.
Ikkinchi bosqichda ball teng kelib qolgan taqdirda, platforma orqali pedagoglar tomonidan belgilangan mezonlar asosida mazkur nomzodlar uchun qayta ovoz berish tashkil etiladi.
Tanlovning uchinchi bosqichida nomzodning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati samaradorligi hamda kitobxonligi baholash mezonlari asosida taqdimot orqali 100 ballik tizimda baholanadi.
Bunda nomzodlarning ushbu bosqichda olgan ballari, avvalgi bosqichlarda olgan ballariga qoʻshiladi hamda tuman miqyosida eng yuqori ball toʻplagan nomzod gʻolib deb topiladi.
