Savol: Qaysi fan oʻqituvchilari maktab maslahatchisi boʻla oladi? 4-kurs talabasi “maktab maslahatchisi” lavozimida ishlashi mumkinmi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025-yil 30-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabdan tashqari taʼlimni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 8-sentyabrdagi PQ-277-son qarori ijrosi haqida”gi 368-son buyrug‘i qabul qilingan.
Ushbu buyruqqa koʻra, “maktab maslahatchisi” lavozimga davogarlar oliy, bakalavr diplomiga ega bo’lishi (magistratura, ilmiy darajaga egalik afzallik beradi), mutaxassisligi pedagogika yoki psixologiya yo’nalishida o’qigan bo’lishi talab etiladi.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi davlat stipendiantlar gʻoliblariga mutaxassislik talab etilmaydi. Nomzodlardan mehnat staji talab qilinmaydi.
Maktabgacha va maktab ta’limi sohasiga oid qonunchilik hamda idoraviy va ichki lokal hujjatlardan, ta’lim standartlaridan xabardor bo’lishi kerak. Shuningdek, xorijiy tillardan birining boshlang’ich bosqichini va axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni bilishi, davlat tilishini bilishi (rus, ingliz va boshqa chet tillarini bilishi ustuvorlik beradi) lozim.
Lavozimga davogarlar kompyuter savodxonligiga ega bo’lishi, Microsoft Office dasturi (Word, Excel, Power Point va h.k), zamonaviy axborot texnologiyalarida va internet tarmog’ida mustaqil foydalanuvchi sifatida turli ish dasturlari bilan ishlash bo’yicha yetarli ko’nikmaga ega bo’lishi kerak.
Shu sababdan, tugallanmagan oliy maʼlumot egalari bu lavozimda ishlay olmaydi.
Maktab maslahatchisi quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi:
— umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi mazmunini yoritish, unda nazarda tutilgan g‘oya va maqsadlarni o‘quvchilar o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish;
— “Kelajak” markazlarining tarmoq to‘garaklari faoliyatini tizimli tashkil etish;
— o‘quvchilarni tarixiy obidalar, madaniy yodgorliklar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan yaqindan tanishtirish;
— o‘quvchilarda yetakchilik qobiliyati, tashabbuskorlik va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida turli loyihalar, klublar, debatlarni yo‘lga qo‘yish;
— madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologik yo‘nalishlardagi loyihalarni tashkil etish, ular orqali o‘quvchilarda estetik didni shakllantirish, jismoniy faollikni oshirish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish hamda tabiatni muhofaza qilishga oid bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish;
— o‘quvchilarning maktabdan tashqari ta’lim muassasalariga jalb etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini tizimli ravishda shakllantirish va yuritish.
Shuningdek, maktab maslahatchilari o’quvchilar ta’lim-tarbiyasida asosiy mutaxassis bo’lishi belgilangan. Shu sababli, ularning oylik maoshi direktor o’rinbosarinikiga tenglashtirilgan.
Ushbu lavozimda ishlashni istagan talabgorlar tanlov.uzedu.uz platformasi orqali ariza qoldirishlari mumkin.
