O‘zbekiston ilmiy maqolalari qaytarib olinishi bo‘yicha dunyo TOP-10 taligiga kirdi

O‘zbekiston ilmiy maqolalari qaytarib olinishi bo‘yicha dunyo TOP-10 taligiga kirdi

So‘nggi yillarda xalqaro ilmiy hamjamiyatda ilmiy maqolalarning qaytarib olinishi (retraction) masalasi dolzarb mavzulardan biriga aylangan. Ushbu jarayon chop etilgan maqolaning ilmiy talablar, metodologik aniqlik yoki akademik halollik me’yorlariga javob bermasligi aniqlanganda amalga oshiriladi.

 

2025-yil so‘ngi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston ilmiy maqolalari xalqaro ilmiy bazalardan eng ko‘p qaytarib olingan davlatlar qatorida dunyo bo‘yicha top-10 talikka kirgan. Ushbu xulosalar Hindistonlik tadqiqotchi Achal Agrawal tomonidan yuritilayotgan PostPub Retraction Dashboard platformasi ma’lumotlari asosida shakllantirilgan.

 

Masalaga nisbiy ko‘rsatkichlar nuqtayi nazaridan yondashilganda, ya’ni qaytarib olingan maqolalar soni umumiy chop etilgan ilmiy ishlar hajmiga nisbatan hisoblanganda, O‘zbekiston ko‘rsatkichlari yanada yuqori ekanini ko‘rish mumkin. Tadqiqotchi Bobir Muratov ta’kidlashicha, aynan foiz hisobida O‘zbekiston ayrim davrlarda dunyoda eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan.

 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ilmiy maqolalar eng ko‘p qaytarib olingan davrlar 2015 va 2023-yillarga to‘g‘ri keladi. Xususan, 2015-yilda har mingta chop etilgan maqoladan 11 tasi, 2023-yilda esa har mingta maqoladan 9 tasi xalqaro ilmiy bazalardan olib tashlangan.

 

Qaytarib olish sabablari yillar kesimida farqlanadi. 2023-yilda asosiy sabab sifatida research, yaʼni tadqiqotning ilmiy talablarga javob bermasligi (maʼlumotlar xatoligi, notoʻgʻri tahlil yoki ishonchsiz xulosalar ko‘rsatilgan.

 

2024-yilda esa ko‘proq ilmiy halollik (academic integrity) bilan bog‘liq muammolar — plagiat, ma’lumotlarni noto‘g‘ri taqdim etish yoki mualliflik tamoyillarining buzilishi ustuvor bo‘lgan.

 

Oliy taʼlim muassasalari kesimida olib borilgan tahlilga koʻra, eng koʻp qaytarib olingan maqolalar Buxoro davlat universiteti hissasiga toʻgʻri keladi va ularning barchasi tadqiqot sifati pastligi sababli bekor qilingan. Keyingi oʻrinda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti turadi — bu yerda chop etilgan maqolalarning aksariyati ilmiy halollik talablariga mos kelmagan. Top-3 talikni esa “milliy tadqiqot instituti” maqomiga ega Toshkent irrigatsiya instituti yakunlab bergan.

 

O‘zbekiston ilmiy maqolalari qaytarib olinishi bo‘yicha dunyo TOP-10 taligiga kirdi