Qabul-2026: Sertifikatlarning amal qilish muddati va ularni tekshirish tartibi qanday?

Qabul-2026: Sertifikatlarning amal qilish muddati va ularni tekshirish tartibi qanday?

Davlat oliy ta’lim muassasalariga qabulda milliy va xalqaro sertifikatlarni hisobga olish tartibi belgilandi. Sertifikatlar amal qilish muddati va tizimga kiritilgan sanasiga qarab qabulda inobatga olinadi.

 

Xabar berganimizdek 5-iyundan davlat oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish jarayoni boshlandi.

 

Qabul jarayonida milliy sertifikatlarda abituriyentning ro‘yxatdan o‘tgan sanasiga qarab belgilanadi. Masalan, sertifikat muddati 20-iyunda tugasa va abituriyent 20-iyungacha ro‘yxatdan o‘tsa, sertifikat inobatga olinadi. 21-iyundan boshlab esa o‘tmaydi.

 

Xalqaro sertifikatlarda ham sertifikatning dasturga yuklangan sanasi mezon qilib olinadi. Agar sertifikat muddati 20-iyunda tugasa va abituriyent uni 20-iyungacha tizimga yuklasa, inobatga olinadi. 21-iyun yoki undan keyin yuklansa, qabul qilinmaydi.

 

Milliy sertifikatlar abituriyentning shaxsiy kabinetida avtomatik ravishda aks etadi. Ularni dasturga qo‘shimcha ravishda kiritish talab etilmaydi.

 

Xalqaro sertifikatlarni esa abituriyent my.uzbmb.uz saytiga kirib, sertifikat ma’lumotlarini dasturga o‘zi kiritishi kerak.

 

Dasturga kiritilgan sertifikatlarning haqiqiyligi va belgilangan talablarga mosligi Bilimni baholash agentligi tomonidan tekshiriladi va ularga quyidagi statuslar beriladi:

 

TEKSHIRILMOQDA — sertifikat dasturga kiritilgan va hozirda tekshirish jarayonida.

 

– TASDIQLANDI — sertifikatning haqiqiyligi va imtiyoz talablariga javob berishi tasdiqlangan (qabulda inobatga olinadi).

 

– TASDIQLANMADI — sertifikat haqiqiy emas yoki imtiyoz talablariga mos kelmagan. Bu holda, abituriyent sertifikatni qayta yuklash imkoniyatiga ega bo‘ladi, agar u noto‘g‘ri yuklangan bo‘lsa.

 

Avvalroq, SAT sertifikatiga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tishda imtiyozdan qanday foydalanishi haqida xabar bergan edik.