O‘quvchilarga beriladigan oltin va kumush medallar bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan — boshqarma

O‘quvchilarga beriladigan oltin va kumush medallar bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan — boshqarma

Samarqand viloyatida oltin va kumush medalga tavsiya etilgan bitiruvchilar haqidagi maʼlumotlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi ortidan Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, medal sohiblari yakuniy davlat attestatsiyasi natijalari va pedagogik kengash qarori asosida aniqlanadi.

 

Ijtimoiy tarmoqlardagi “Oltin medallar atrofida savollar” sarlavhali xabarda joriy yilning 21- may kuni Samarqand viloyati MMTBda oʻtkazilgan yigʻilishda muhokama qilingan maktab rahbarlari tomonidan oltin va kumush medallarga nomzodlarning dastlabki tavsiya etilgan holati boʻyicha tahliliy maʼlumotlari tarqatilmoqda.

 

Holat yuzasidan boshqarma tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

 

Maʼlum qilinishicha, xabarda keltirilgan maʼlumotlar boshqarma tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishda tahlil qilinib, jarayonga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan maktab rahbarlarga chora koʻrilishi belgilangan.

 

Taʼkidlash joizki, umumiy oʻrta taʼlim maktablari bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi 154-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida amalga oshiriladi.

 

Nizomning 11-bandiga muvofiq, taʼlim muassasalari har yili 15-noyabrga qadar medallarga buyurtmalarni tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlariga taqdim etadi.

 

Shuningdek, nizomga koʻra, maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari har yili 10-iyunga qadar bitiruvchilarning baholari va tegishli hujjatlarini oʻrganib, medalga munosib nomzodlar roʻyxatini shakllantiradi hamda pedagogik kengashga taqdim etadi. pedagogik kengash esa 14-iyunga qadar belgilangan talablar asosida oltin va kumush medallar bilan taqdirlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

 

“Shu bois, bitiruvchilarga medallar ularning oʻquv natijalari hamda pedagogik kengash qarori asosida beriladi” — deydi rasmiylar.

 

Shuningdek, hozirda maktablarda yakuniy davlat attestatsiya imtihonlari davom etayotganligi va natijalar hali koʻrib chiqilishi sababli, medalga nomzod oʻquvchilar soni yakuniy qarorlarga koʻra, qisqarishi mumkinligi bildirilgan.