Fanlar akademiyasida yosh ilmiy xodimlar ulushini 60 foizgacha oshiriladi

Fanlar akademiyasida yosh ilmiy xodimlar ulushini 60 foizgacha oshiriladi

Prezidentning 2025-yil 27-dekabrda “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–390-son qarori qabul qilindi.

 

Ushbu qarorni qabul qilishning asosiy maqsadlari quyidagilarni amalga oshirish orqali Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish hisoblanadi:

 

– yangi ilmiy ishlanmalar soni va tijoratlashtirishdan olinadigan mablagʻlar hajmini 3 baravarga oshirish;

– ilmiy xodimlar tarkibida yoshlar ulushini 60 foizgacha oshirish;

– xorijiy mamlakatlarda faoliyat koʻrsatayotgan ilmiy diasporani Oʻzbekiston ilm-faniga reintegratsiya qilish.

 

Qarorga koʻra, Fanlar akademiyasining yangi ishlanmalarini tijoratlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etiladi.

 

2026-yildan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi barcha ilmiy loyihalarning sifatini oshirish maqsadida ularni ilmiy ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha ilmiy-texnik kengashlar tarkibiga Fanlar akademiyasi taklifiga asosan hamrais nomzodi kiritiladi.

 

2026-yil 1-apreldan Fanlar akademiyasi oʻz tizimidagi ilmiy muassasalarda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda ilmiy xodimlar faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) va ilmiy muassasalar faoliyat samaradorligini baholash boʻyicha reyting tizimini joriy etadi.

 

2026-yil 1-yanvardan ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, yosh olimlarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yoʻnalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamgʻarmasi tashkil etiladi.

 

Akademiyaning yangi ishlanmalarini tijoratlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etiladi va uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

 

Shuningdek, hujjat bilan FA faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi, 2030-yilgacha maqsadli ko‘rsatkichlari, ilmiy xodimlari sonini bosqichma-bosqich oshirish rejasi tasdiqlandi.

 

Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining umumiy cheklangan soni 50 nafar etib belgilandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Innovasion rivojlanish agentligining Xalqaro molekulyar allergologiya markazini Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkaziladi.

 

Namangan, Samarqand va Termiz shaharlarida Fanlar akademiyasining hududiy bo‘limlari tashkil etiladi. Xalqaro ilm-fan kengashining Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi tashkil etiladi.

 

Yana bir muhim yangilik – ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yo‘nalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil etiladi va davlat byudjetidan har yili 80 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ ajratiladi.