2025-yil davomida 59 ta yangi maktab ishga tushirilib, mamlakat bo‘yicha maktablar umumiy soni 10 193 taga yetkazilgan.
Natijada maktab o‘quvchilari soni 6,5 million nafarni tashkil etgan. Bu aholi o‘sishi sharoitida ta’lim tizimiga tushayotgan yuklamani barqaror ta’minlash va o‘quvchilar uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, 2024–2025 o‘quv yili yakunida 433 ming 503 nafar 11-sinf va 633 ming 952 nafar 9-sinf bitiruvchisiga davlat namunasidagi shahodatnomalar topshirilgan.
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida ham ijobiy o‘zgarishlar qayd etilgan. Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 78 foizga, 6 yoshli bolalar qamrovi esa 98 foizga yetkazilgan. Bu ko‘rsatkichlar bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar natijasi sifatida baholanmoqda.
Infratuzilmani yaxshilash doirasida maktablarning 43 tasida yangi qurilish ishlari olib borilib, 371 ta maktab rekonstruksiya qilingan, 88 tasida esa mukammal ta’mirlash ishlari bajarilgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham qurilish va yangilash jarayonlari jadal davom etgan: 103 ta yangi obyekt qurildi, 191 tasi rekonstruksiya qilinib, 36 tasi kapital ta’mirdan chiqarilgan.
Ushbu ishlar natijasida maktablarda qariyb 142 mingta qo‘shimcha o‘quv o‘rni yaratilgan bo‘lib, 92 ming 400 o‘rinli mavjud binolar to‘liq ta’mirlangan.
Iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ‘‘Prezident iqtidorli farzandlari’’ milliy dasturi ishga tushirilib, unga 2 ming 642 ta ariza qabul qilingan. Shu bilan birga, ta’lim muassasalari rahbarlarini rag‘batlantirish maqsadida maktab direktorlari bazaviy tarif stavkalari 20 foizga, direktor o‘rinbosarlariniki esa 15 foizga oshirilgan.
