Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga oʻqishga kirish tartibi oʻzgartirildi

Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga oʻqishga kirish tartibi oʻzgartirildi

Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi 1-dekabrdagi 958-sonli ‘‘Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bakalavriatining kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllariga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida’’ qaroriga bir qancha o‘zgartirish kiritildi.

 

Unga ko‘ra, Akademiyaning bakalavriat dasturi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari qabul kvotasining 80 foizi bo‘yicha qabul qilinadi. (“Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qabul bundan mustasno)

 

Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab, Akademiyada ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi.


Masofaviy ta’lim muddati:

— oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun — 4 yil;

— oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun — to‘lov-kontrakt asosida 3 yil etib belgilandi.

 

Umumta’lim fanlari (matematika, fizika va kimyo)ni bilish darajasini aniqlash bo‘yicha milliy sertifikatlar yoki xalqaro tan olingan sertifikatlarning tegishli darajalariga ega bo‘lgan nomzodlarga esa matematika, fizika yoki kimyo fanidan o‘tkaziladigan sinovlarda quyidagicha ball beriladi:

 

— A+ A darajali milliy sertifikatga yoki A-LEVEL imtihonining B, A, A* darajali xalqaro sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlarga — matematika, fizika yoki kimyo fanidan belgilanadigan maksimal ball;

 

— B+, B, C+ darajali milliy sertifikatga ega bo‘lgan nomzodlarga — mos ravishda sertifikatdagi umumiy ballga nisbatan foiz asosida matematika, fizika yoki kimyo fanidan belgilanadigan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proportsional) ball.

 

Muhim: Bunda 2024-yil 1-martga qadar umumta’lim fanlari bo‘yicha berilgan milliy sertifikatlar uchun mazkur sertifikat olingan paytda amalda bo‘lgan imtiyoz tatbiq etiladi.

 

Bundan tashqari, professional darajadagi nufuzli xalqaro IT-sertifikatga ega bo‘lgan “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirgan nomzodlarga matematika, informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha to‘planishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha ball beriladi.

 

Maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan bitta nomzod mazkur yo‘nalishning ikkinchi kursiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi.

 

Shuningdek, informatika va axborot texnologiyalari fanidan amaliy topshiriqlar soni bittaga oshirildi. Endilikda ushbu fandan imtihon biletlarida:

 

— 1 ta nazariy savol;

 

— 2 ta amaliy topshiriq bo‘ladi.

 

Nomzodlarga topshiriqlarga tayyorlanishi uchun 30 daqiqa vaqt beriladi. Ushbu fan bo‘yich bilim va amaliy koʻnikmalari komissiyaning har bir aʼzosi tomonidan 60 ballik tizimda baholanadi.

 

Yana bir muhim o‘zgartirishga ko‘ra, 2-ilovaning 3-band va 4-bandning 6-xatboshisidagi ‘‘qabul yilida qirq bir yoshga toʻladigan’’ so‘zlari ‘‘qirq yoshdagi’’ so‘zlari bilan almashtirildi.

 

Shu tariqa, akademiyaga ichki ishlar organlarida kamida uch yillik amaliy xizmat stajiga ega boʻlgan, yoshi qirqdan katta boʻlmagan, shu jumladan, qirq yoshdagi ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari tanlov asosida oʻqishga qabul qilinadi.

 

Bundan tashqari, akademiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati tomonidan har yili belgilanadigan qoʻshimcha kvota boʻyicha boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Qurolli Kuchlarda kamida uch yillik harbiy xizmat (xizmat) stajiga ega boʻlgan yoshi qirqdan katta boʻlmagan, shu jumladan qirq yoshdagi harbiy xizmatchilar (xodimlar) toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinishi mumkin.