Oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlarini akkreditatsiyasidan oʻtkazishda baholash mezonlari boʻyicha indikatorlar tasdiqlandi

Oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlarini akkreditatsiyasidan oʻtkazishda baholash mezonlari boʻyicha indikatorlar tasdiqlandi

Adliya vazirligi 2025-yil 1-dekabrda “Oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda baholash mezonlari boʻyicha indikatorlarni tasdiqlash haqida”gi buyruqni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi (roʻyxat raqami: 3716).

 

Unga koʻra, 6 ta yoʻnalish doirasidagi 31 ta mezon boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlaridagi taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda foydalaniladigan 190 ta indikator belgilab berilgan.

 

Bunda 8 ta (4.2 %) majburiy indikatorlar (masʼul tarkibiy tuzilmani tashkil etishning aniq rejasi mavjudligi, talabalar kontingentidan kelib chiqqan holda oʻquv xonalari bilan taʼminlanganlik va b.) hamda 182 ta (95.8 %) umumiy indikatorlar (fan mazmuniga mos xorijiy adabiyotlardan foydalanish, talabalar oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazish, qabul parametrlarini belgilashda axborot-resurs markazining imkoniyatlarini hisobga olish va b.) mavjud boʻlib, “muvofiq” yoki “muvofiq emas” tarzida baholanadi.

 

Bunda:

 

▪️ 50 % gacha indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “muvofiq emas”;
▪️ 50 % dan 70 % gacha indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “qisman muvofiq”;
▪️ 70 % va undan ortiq indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “muvofiq” deb topiladi.

 

Majburiy indikator “muvofiq emas” deb baholansa, umumiy natijadan qatʼi nazar, mezon “muvofiq emas” deb topiladi.

 

Avvalroq, muhokamalar portalida “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari bo‘yicha indikatorlarni tasdiqlash haqida”gi Hukumat qarori loyihasi e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.