Maktabda dars beradigan talaba xodimga ham ustama tayinlash mumkinmi?

Maktabda dars beradigan talaba xodimga ham ustama tayinlash mumkinmi?

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizom umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan pedagog (ular umumiy sonining ko‘pi bilan 50 foizi), psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash yo‘li bilan ularni moddiy rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.

 

Pedagog xodim o‘zi kim?

 

Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, ta’lim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi hamda tegishli ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxs pedagog hisoblanadi. Demak, maktabda mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan talabalar ham pedagog hisoblanadi.

 

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasining kunduzgi, kechki, sirtqi ta’lim shakllarining pedagogika yo‘nalishlarida o‘qiyotgan shaxslar 3-kursdan boshlab o‘qishiga xalaqit bermagan holda pedagoglik ishini amalga oshirish uchun umumta’lim muassasalarida asosiy ish joyi sifatida ishga qabul qilinishi mumkin va ularga o‘rta maxsus, kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda esa maktabda ishlaydigan talabalariga ustama tayinlash bo‘yicha hech qanday cheklov qo‘yilmagan.

 

Agar sirtqi ta’limda o‘qiyotgan xodim o‘rta maxsus ma’lumotli bo‘lsachi?

 

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 24-bandiga ko‘ra, umumta’lim muassasasidagi pedagog xodimlar oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekanligidan qat’i nazar, belgilangan baholash mezonlari asosida baholanadi va ko‘rsatkichlariga ko‘ra Ishchi guruh qarori asosida bazaviy tarif stavkasiga har oyliq ustama belgilanadi.

 

Ya’ni, o‘qituvchining oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotli bo‘lishi unga ustama tayinlashda hech qanday rol o‘ynamaydi. Asosiysi pedagog xodim nizomda belgilangan baholash mezonlari talablariga javob bersa kifoya.