Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan. Ayni paytda Konstitutsiyaning moddalariga katta o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilgani sabab 65% qismi yangilangan.
Mazkur yangi tahrirdagi Konstitutsiya 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan va 2023-yil 1-maydan kuchga kirgan.
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasi muqaddima, 6 boʻlim, 27 bob, 155 moddadan iborat.
Konstitutsiya tarixi
‘‘Konstitutsiya’’ atamasi Qadimgi Rimdayoq bor edi (imperator konstitutsiyasi deb atalgan qonun). Amir Temur ‘‘Tuzuklar’’i Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega boʻlgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Oʻrta Osiyo xalqlari taqdiriga kuchli taʼsir oʻtkazgan.
Konstitutsiya – 1992-yil 8-dekabrda 12-chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 11-sessiyasida qabul qilingan. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligini nishonlash maqsadida Konstitutsiya qabul qilingan kun – 8-dekabr umumxalq bayrami – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni deb eʼlon qilingan.
‘‘Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi toʻgʻrisida“gi Konstitutsiyaviy qonun (1991-yil 31-avgust) ushbu Konstitutsiya uchun asos boʻlib xizmat qilgan. Mustaqil Oʻzbekistonning birinchi Konstitutsiyasini yaratish gʻoyasi ilk bor 1990-yil 20-iyunda boʻlib oʻtgan mamlakat Oliy Kengashining 2-sessiyasida ilgari surilgan.
Ushbu sessiya birinchi prezident Islom Karimov raisligida 64 kishidan iborat Konstitutsiyaviy komissiyani tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. Uning tarkibiga deputatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning vakillari, davlat hamda jamoat birlashmalari, korxonalar va xoʻjaliklarning rahbarlari, huquqshunos olimlar va mutaxassislar kirgan. Oliy Kengashning 10-sessiyasida komissiya tarkibi qisman yangilangan. Komissiya ishlab chiqqan loyiha matbuotda eʼlon qilinib, keng muhokama etilgan. Konstitutsiyaviy komissiya umumxalq muhokamasi yakunlarini koʻrib, loyihani tuzatib va maʼqullab Oliy Kengash sessiyasida koʻrib chiqishga tavsiya qilgan. Loyiha Oliy Kengash sessiyasida ham moddama-modda muhokama etilgandan soʻng qabul qilingan.
Konstitutsiyaning klassifikatsiyasi va turlari
Konstitutsiya (lotincha: constitutio — ‘‘o‘rnatish’’, ‘‘belgilash’’) — bu davlatning asosiy bosh qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini, advokatura, prokuratura sohalaridagi bilimlarni belgilab beradi. Konstitutsiya barcha joriy qonunlarning asosi hisoblanadi.
Bir-biridan farqlanuvchi yuridik va haqiqiy (faktik) konstitutsiya tushunchalari bor.
Yuridik konstitutsiya – ijtimoiy munosabatlar doirasini tartibga soluvchi huquqiy normalar tizimi.
Haqiqiy konstitutsiya esa — shunday munosabatlarning oʻzi, yaʼni real mavjud munosabatlar.
Konstitutsiya oʻzining 3 turdagi shakli mavjud: kodekslashtirilgan, kodekslashtirilmagan va aralash turlarga boʻlinadi.
Kodekslashtirilgan konstitutsiya — konstitutsiyaviy xususiyatga ega barcha asosiy masalalarni tartibga soluvchi bir butun yozma hujjat hisoblanadi. Agar ayni oʻsha masalalar bir necha yozilgan hujjatlar bilan tartibga solinsa, u holda konstitutsiya kodekslashtirilmagan hisoblanadi. Aralash turdagi konstitutsiya parlament tomonidan qabul qilingan qonunlar va sud pretsedentlari bilan birga, odatlar va nazariy sharhlarni ham oʻz ichiga olgan holda yoritiladi yaʼni qisman yozilgan boʻladi.
Oʻzgartirish kiritish usuli boʻyicha konstitutsiya yumshoq va qattiq turlarga boʻlinadi. Ularning birinchisi oddiy qonun qabul qilish yoʻli bilan oʻzgartirilishi mumkin. Ikkinchisi maxsus takomillashtirilgan tartibda (parlament aʼzolari ovozining malakali koʻpchiligi, baʼzan esa referendum oʻtkazish, tuzatishlarni muayyan miqdordagi federatsiya subʼyektlari tomonidan ratifikatsiyalash) oʻzgartirilishi mumkin. Amal qilish muddatlari boʻyicha konstitutsiyalar doimiy va muvaqqat turlarga boʻlinadi.
Amaldagi Konstitutsiyaning tuzilishi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri muqaddima, 6 boʻlim, 27 bob, 155 moddadan iborat.
1-boʻlim (I–IV bob, 1-18-moddalar) ‘‘Asosiy prinsiplar’’ deb nomlangan.
2-boʻlim (V-XI bob, 19-64-moddalar) ‘‘Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari’’ deb ataladi.
3-boʻlim (XII–XV bob, 65-82-moddalar) ‘‘Jamiyat va shaxs’’ deb ataladi.
4-boʻlim (XVI-XVII bob, 83-90-moddalar) ‘‘Maʼmuriy-hududiy va davlat tuzilishi’’ deb nomlangan.
5-boʻlim (XVIII–XXVII bob, 91-153-moddalar) ‘‘Davlat hokimiyatining tashkil etilishi’’ deb nomlangan.
6-boʻlim (154-155-moddalar) ‘‘Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish tartibi’’ deb ataladi.
Konstitutsiyaning yangi tahriri — Faylni yuklash
Qiziqarli faktlar
|
Yaponiya Konstitutsiyasi
Garchi Yaponiya Konstitutsiyasining 9-moddasiga binoan, Yaponiya kelajakda urush olib borish huquqidan hamda quruqlik, dengiz va havo harbiy kuchlar tuzish huquqidan abadiy vos kechgan bo’lsada, bugungi kunda Yaponiya harbiy harajatlari bo’yicha dunyoda 5-o’rinda turadi ($ 58,97 mlrd).
|
|
Hindiston Respublikasi Konstitutsiyasi
Hindiston Konstitutsiyasi AQSh Konstitutsiyasidan farqli o‘laroq dunyodagi eng katta va murakkab Konstitutsiya hisoblanadi. Mazkur Konstitutsiya hamma xam tushana olishi juda qiyin bo‘lgan tildagi 395 ta modda, 12 ta ilova va 500 ta tuzatishlardan iborat.
|
|
Braziliya Federativ Respublikasi konstitutsiyasi
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida ‘‘Hindular to’g’risida’’ deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo’lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag’ishlangan.
|
|
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi konstitutsiyasi
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi davlatining konsitutsiyasi 300ga yaqin qonun hujjatlaridan iboratdir, ya’ni bu davlatda yagona konstitutsiya hujjati mavjud emas.
|
|
AQSh konstitutsiyasi
AQSh Konstitutsiyasi dunyodagi eng kichik va eng o‘zgarmas Konstitutsiya hisoblanadi.
|
