Navoiy viloyatiga ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf oʻquvchisi 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qildi.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Qiziltepa tuman ixtisoslashtirilgan maktabning tabiiy fanlar yoʻnalishidagi 11-sinf oʻquvchisi Murodova Sevinch tegishli fanlar: kimyo (A), biologiya (A), matematika (C+), tarix (C) va ona tili (B) fanlaridan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritib, muddatidan oldin 189 ballni naqd qildi.
Oʻquvchining soʻzlariga koʻra, uning biologiya faniga qiziqishiga va 10-sinfligimdayoq 100%lik sertifikat olishiga ustozlarining mehnati katta.
Sevinch tibbiyot yoʻnalishidagi barcha fanlarni oʻziga yarasha qiyinchiligi borligi, sabr va matonat bilan oʻqigan har qaysi inson albatta muvaffaqiyatga erishishi mumkinligini aytib oʻtdi.
Oʻquvchi 10-sinfligidan boshlab tegishli fanlardan sertifikat olishni boshlagan. Sertifikat imtihonlariga tayyorlanish jarayonida deyarli qiyinchiliklar, toʻxtab qolish hissi boʻlmagan. Chunki bu yoʻlda uni, avvalo, ota-onasi qoʻllab turgani, Sevincha katta motivatsiya, turtki bergan.
“Bir kunda 10-12 soatlab emas, balki 5-6 soat samarali dars qilganman. Natija uchun vaqtning qanchalik koʻpligi emas, balki har bir daqiqaning qanday oʻtishi muhim”, — deydi Sevinch.
Uning soʻzlariga koʻra, har qanday muvaffaqiyat osonlik bilan kelmaydi. Bu uchun mustahkam iroda, tinimsiz mehnat kerak.
Sevincha oʻz tengqurlariga natijaga erishishlari uchun, avvalo, chalgʻituvchi narsalar, jumladan, telefon, televizor va boshqa turli gadjetlardan foydalanmaslikni va har doim oʻz ustida ishlab, oldiga qoʻygan maqsadida yetmagunicha, toʻxtab qolmaslikni tavsiya qildi.
Sevinchning keyingi ish va oʻqishlariga omad va rivoj tilaymiz.
