Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi Umid To‘lusov bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritdi. Mazkur natijalar unga muddatidan oldin talaba boʻlish imkoniyatini bermoqda.
Umid kelgusida shifokor boʻlishni maqsad qilgan va Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur oʻquvchi bilan imtihonga tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashdi. U kimyo fanidan A+, biologiya fanidan A+, oʻzbek tili va adabiyoti B, matematika C+ hamda tarix fanlaridan esa B darajali milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritgan.
“Yoshligimdan shifokor bo‘lishni orzu qilganman. Bu orzuimni amalga oshirishimda ota-onam va ustozlarimning hissasi katta. Maqsadim — Abu Ali ibn Sino nomidagi tibbiyot institutida o‘qish”, — deydi Umid.
Uning aytishicha, milliy sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik jarayoni qat’iy reja asosida olib borilgan. Xususan, u kimyo va biologiya fanlarini 2,5 yil davomida, boshqa fanlarni esa qisqaroq muddatlarda o‘zlashtirgan.
“Tayyorgarlik jarayonida har kuni rejim asosida ishlardik. Ertalabdan kechgacha darslar, yakshanba kunlari esa ustozlar bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar olib borardik”, — deya ta’kidlaydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, eng samarali usullar test ishlash, konspekt qilish hamda tengdoshlari bilan savol-javoblar bo‘lgan.
Umid barcha fanlar unga ma’lum darajada qiyin bo‘lganini, eng katta qiyinchilik esa uyqudan voz kechish bo‘lganini ta’kidlaydi.
“Imtihonlarga tayyorgarlik jarayonida tushkunlikka unchalik tushmaganman. Ayniqsa, biologiya ustozimiz tomonidan psixologik tayyorgarlik olib borilgani katta yordam berdi. Bundan tashqari, asosiy fanlardan sertifikat olgunimcha telefondan deyarli foydalanmadim, chunki u diqqatni chalg‘itadi”, — deydi u.
Shuningdek, u kimyo va biologiya fanlaridan A+ natija olishni kutmagan. Biroq tizimli mehnat va ustozlar yordami unga yuqori natijaga erishishga yordam bergan.
Bundan tashqari, u yuqori sinflarda (10–11) oliy ta’lim olishni istagan o‘quvchilar uchun asosan asosiy va majburiy fanlar o‘tilishi, hunar o‘rganmoqchi bo‘lganlar esa kasb-hunar yo‘nalishlariga yo‘naltirilishi maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlaydi.
Umid tengdoshlariga o‘z ustida ishlash va o‘zini doimiy ravishda rivojlantirish zarurligini alohida qayd etadi.
“Inson o‘zining eng yaxshi versiyasi bilan raqobatlashishi kerak. Shundagina haqiqiy muvaffaqiyatga erishish mumkin”, — deydi u.
Avvalroq, Buxoro viloyati 33-maktabning 11-sinf o‘quvchisi To‘ymurodova Dilnoza 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.
