Xorijda o‘qish deyilganida ko‘pchilik yotoqxona yoki ijarada yashashni tasavvur qiladi. Ammo Estoniyada ayrim talabalar begona oilada yashab, til o‘rganadi. Tallinn universiteti talabalarni joylashtirish uchun rus tilida so‘zlashuvchi oilalar bilan hamkorlik qilmoqda.
Boltiqbo‘yi davlatlari qatoriga kiruvchi Estoniyadagi Tallinn universiteti xorijiy talabalarni yotoqxona yoki ijaraga beriladigan kvartiralarga emas, balki mahalliy oilalar xonadoniga joylashtirish amaliyotidan ko‘p yillardan buyon foydalanib keladi.
Mazkur dastur “host family” (mezbon oila) tamoyiliga asoslanadi. Ya’ni, talaba oilaning bir a’zosi sifatida kundalik hayotda ishtirok etadi va shu orqali tilni tabiiy muhitda o‘zlashtiradi. Universitet aynan rus tilida so‘zlashuvchi oilalar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan.
Dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad — talabalarni sun’iy o‘quv muhitidan chiqarib, ularga real hayot orqali til o‘rganish imkonini yaratishdir.
Oddiy qilib aytganda, talaba nafaqat darsda, balki kundalik suhbatlarda, oila davrasida va oddiy hayotiy vaziyatlarda xorijiy tilni o‘zlashtiradi. Bu esa klassik o‘qitish usullariga nisbatan ancha samarali bo‘ladi. Mutaxassislar fikricha, aynan oilaviy muhitda yashash tilni tez va tabiiy o‘rganishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi.
Dastur faqat talabalar uchun emas, mezbon oilalar uchun ham foydali. Universitet vakillari ta’kidlashicha, bu loyiha orqali xorijiy talabalar yangi muhitga tez moslashibgina qolmay, balki mezbon oilalar ham boshqa madaniyat vakillari bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Ya’ni, ushbu dastur madaniy almashinuv jarayonini ta’minlaydi.
Tarixiy jihatdan Estoniya ma’lum vaqt SSSR tarkibida bo‘lgan. Mamlakat 1991-yil 20-avgustda mustaqilligini tiklaganiga qaramay, rus tili va madaniyati ayrim hududlarda hanuz saqlanib qolgan.
Xususan, poytaxt Talinn shahrida ham rus tilida so‘zlashuvchilar foizi katta raqamlarga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq yaponiyada o‘zbekistonlik talaba deportatsiya qilingani haqida xabar qilgan edik.
