Yaponiyada o‘zbekistonlik talaba deportatsiya qilindi

Yaponiyada o‘zbekistonlik talaba deportatsiya qilindi

Yaponiyada o‘qishdan chetlatilganiga qaramay mamlakatni tark etmagan o‘zbekistonlik talaba noqonuniy maqomga tushib, hibsga olinib deportatsiya qilindi. Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi “talaba” vizasi faqat o‘qish uchun berilishini, qisqa muddatli vizalar bilan ishlash mumkin emasligini eslatib, qoidabuzarlarga nisbatan hibs va deportatsiya chorasi qo‘llanishidan ogohlantirdi.

 

Yaponiyada noqonuniy ravishda yashab turgan ikki nafar O‘zbekistonlik fuqaro 24-aprel kuni mamlakatdan chiqarib yuborildi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi. Deportatsiya Yaponiya immigratsiya xizmatlari agentligi tomonidan amalga oshirilgan.

 

Rasmiy xabarga ko‘ra, deportatsiya qilingan fuqarolardan biri Yaponiyaga “talaba” vizasi asosida kirgan, biroq keyinchalik o‘qishdan chetlatilganiga qaramay mamlakatni tark etmay, noqonuniy ravishda yashab qolgan. Natijada u huquq-tartibot organlari tomonidan hibsga olingan. Yana bir fuqaro esa qisqa muddatli viza bilan kirib, ruxsat etilgan qolish muddati tugaganidan keyin ham mamlakatni tark etmagan.

 

“Turizm”, “Yaqinlarni ko’rish”, “Biznes (konferensiya, madaniy almashinuv kabi)” maqsadidagi qisqa muddatli viza bilan Yaponiyada ishlash qat’iyan man etiladi. O’zbekistonda qarz (kredit) olib bo’lsa ham Yaponiyaga o’qishga borsangiz va yapon tilini o’rgana olmay o’qishdan chetlatilsangiz, Yaponiyada yashash maqomingiz bekor qilinadi (yashash maqomidan mahrum etilasiz) — deyiladi xabarda.

 

Shuningdek, “talaba” vizasi faqat ta’lim olish uchun berilishi, u orqali ishlash yoki uzoq muddat qolish mumkinligi haqidagi da’volar mutlaqo asossiz ekani ta’kidlangan.

 

Ma’lum qilinishicha, mamlakatda noqonuniy yashayotgan shaxslar aniqlansa, ular politsiya tomonidan qo‘lga olinadi va immigratsiya muassasalarida saqlash yoki deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar qo‘llanadi. Bundan tashqari, Yaponiya hukumati bunday holatlar haqida O‘zbekiston tomoniga muntazam ravishda ma’lumot berib borayotgani sababli, vatanga qaytgandan keyin ham fuqarolarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi mumkin.

 

Elchixona, shuningdek, “Yaponiyada oson ish topish” yoki “vizadan qat’i nazar ishlash mumkin” kabi va’dalar berayotgan vositachilarga ishonmaslikka chaqirib, fuqarolarni hushyor bo‘lishga undagan.