Tarix fanidan milliy sertifikat imtihon savollarining X-variantlari tarqalgani rostmi? Agentlik izoh berdi

Tarix fanidan milliy sertifikat imtihon savollarining X-variantlari tarqalgani rostmi? Agentlik izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarix fanidan milliy sertifikat savollarining oldindan tarqalgani haqida xabarlar muhokamalarga sabab bo‘layotgan edi. Bilim va malakalarni baholash agentligi savollarning tarqalgani va imtihon javoblari eʼlon qilinishi yuzasidan rasmiy izoh berdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda aprel oyining boshida oʻtkazilgan tarix fanidan milliy sertifikat imtihonining savollari oldindan tarqalgani va sotilgani haqida fikrlar tarqalmoqda.

 

Xalq taʼlimi info sayti orqali berilgan xabarda test topshiriqlari va ularning javoblari Telegramdagi yopiq guruhda audio-chat orqali oʻqib eshittirilgani va ularning aksariyati imtihonda tushgani aytilgan.

 

“Joriy yilning 4, 5, 7-aprel kunlari tarixidan navbatdagi “Milliy sertifikat” imtihonlari boʻlib oʻtdi. Mazkur imtihon oldidan tarqatilgan turli xil gap-soʻzlar, ayniqsa, “X-variant” test savollari tarqatilgani yoki sotilganiga oid iddaolar jiddiy savollarni tugʻdirmoqda.

 

Shu kabi gap-soʻzlar har safar test sinovi arafasida paydo boʻlib, odatiy holga aylanib borayotgan boʻlsa-da, bu galgi vaziyat avvallariga qaraganda ancha keskin tus oldi. Sababi, bu safar “X-variant” sotilganligiga asos boʻlishi mumkin boʻladigan bir qancha audioyozuvlar ham mavjud” — deyiladi xabarda.

 

Xabarga audio-chatda 4-aprel 4:00 dan boshlab oʻqila boshlangan savollar (jami 50 ta) va oʻqilgan savollar orasidan 4, 5, 7-aprel kuni boʻlib oʻtgan imtihonlarda tushgan 33 ta savol ilova qilingan.

 

Holat yuzasidan BMBA rasmiy munosabat bildirdi.

 

Unga koʻra, ushbu audio-fayllar agentlikda mavjud boʻlib, audio-fayllar va internetda tarqatilayotgan maʼlumotlar agentlik tomonidan oʻrganib chiqilgan va quyidagilar maʼlum qilingan:

 

1. Agentlikda test topshiriqlari maxsus rejimdagi binoda shakllantiriladi va ularning maxfiyligini taʼminlash boʻyicha tegishli choralar koʻrilgan.

 

2. Tarix fanidan milliy sertifikat imtihonlari 2026-yil 4-aprel (3 smena), 5-aprel (3 smena) va 7-aprel (2 smena) kunlari jami 8 ta smenada oʻtkazilgan. Bunda talabgorlarga har bir smenada 55 tadan test topshirigʻi berilgan. Ushbu imtihonda jami 400 tadan ortiq test topshirigʻidan foydalanilgan.

 

Audio-chatda oʻqilgani aytilgan test topshiriqlari aprel oyida oʻtkazilgan imtihonlarda foydalanilgan 400 dan ortiq test topshiriqlari bilan solishtirilganda, ularning 33 tasi mazmunan oʻxshash ekani aniqlandi (soʻzma-soʻz bir xil emas). Ular turli smenalarga yoyilgan boʻlib, bitta smenaga eng koʻpi bilan 6 ta test topshirigʻi toʻgʻri kelmoqda (1 ta smenada 55 ta test topshirigʻi ishlatiladi).

 

“Hozirda ushbu imtihonning natijalarini xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblash hamda imtihon natijalarining klassik va zamonaviy test nazariyalari boʻyicha statistik tahlili amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon 6-may kuni yakunlanadi va test natijalari eʼlon qilinadi. Shundan soʻng imtihon natijalarining statistik tahlilidan kelib chiqib, qoʻshimcha maʼlumot beriladi” — deyiladi rasmiy xabarda.

 

Shuningdek, BMBA matbuot kotibi Talimxabarlari.uz saytiga quyidagilarni qoʻshimcha qildi:

 

“Bu kabi maʼlumotlar yolgʻondan boshqa narsa emas. Agar fakt va dalillar mavjud boʻlsa, darhol bunday hollar toʻgʻrisida barcha turdagi huquqni muhofaza qilish organlariga maʼlum qilish kerak. Shundagina hammaga — davlatga ham, jamiyatga ham manfaat boʻladi. Rejimli binoda yil davomida yopiq rejimda ishlaydigan xodimlarning barchasi tashqi dunyo bilan aloqasi uzilgan, ularning Telegram tugul, tashqaridagi birortasi bilan gaplashish imkoniyati mavjud emas”.

 

Avvalroq, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” kuniga belgilangan milliy sertifikat imtihonlari bo‘yicha izoh berilgan edi.