Xorazmda 11-sinf oʻquvchisi maksimal 189 ball bilan, muddatidan oldin talaba boʻldi.
Xorazm viloyati Yangiariq tuman Yangiariq ixtisoslashtirilgan maktabining 11-sinf oʻquvchisi Davlatnazar Otanazarov tegishli fanlardan sertifikat olib, muddatidan oldin talaba boʻldi.
Davlatnazar 2024-yilning dekabr oyida, ya’ni 10-sinfligidayoq ingliz tili (B2), matematika (A+), tarix (B) va ona tili (C+) fanlaridan sertifikat olib, muddatidan ikki yil oldin talabalikni naqd qilgan.
Uning soʻzlariga koʻra, sertifikat imtihoni uchun mustaqil tayyorgarlik koʻrgan, shuningdek, maktabda ham barcha fanlar yaxshi va chuqurlashtirib oʻtilganligi uchun qoʻshimcha kurslarga borishga ehtiyoj sezmagan.
U imtihonga tayyorlanish davomida vaqtini toʻgʻri taqsimlagani muvaffaqiyat kaliti ekanligini aytib oʻtdi. Oʻquvchining aytishicha, kunning asosiy qismini ingliz tili va matematika uchun sarflagan va qolgan fanlardan esa 1-2 soat dars qilgan.
«Nimagadir yetish uchun, avvalo, maqsadni toʻgʻri qoʻyish va unga qarab toʻxtovsiz harakat qilish lozim. To maqsadga yetguncha hech narsaga chalgʻimaslik, belgilagan yoʻli boʻylab odimlab yurish kerak» , — deydi Davlatnazar Talimxabarlari.uz ga bergan intervyusida.
Oʻquvchining keyingi ish va oʻqishlariga omad tilaymiz.
Eslatma! Avvalroq, Navoiylik 11-sinf oʻquvchi qiz muddatidan oldin 189 ball olib, tibbiyot yoʻnalishiga talabalikni naqd qilgani haqida xabar bergan edik.
