Prezident sun’iy intellekt va raqamlashtirish sohasidagi islohotlar va kelgusi vazifalar bilan tanishib, maktablarda startap xonalarini tashkil etish va sun’iy intellekt bo’yicha yangi tanlovlar joriy etish takliflarini ilgari surdi. 2030-yilgacha 16 mingta kompyuter sinfxonasi yangilanishi va maktablarda bepul Wi-Fi ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Kecha, 1-may kuni, Prezident Shavkat Mirziyoyev sunʼiy intellekt va raqamlashtirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda raqamli taʼlimni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Qayd etilishicha, “5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida 1 milliondan ortiq boshlangʻich kurs tinglovchilari, 300 mingdan ziyod oʻrta bosqich tinglovchilari va 1,5 ming professional darajadagi mutaxassis tayyorlangan.
Xususan, endi maktablarda sunʼiy intellekt va startap xonalarini tashkil etish taklifi berilgan.
Yig‘ilishda, joriy yildan boshlab startaplar boʻyicha Prezident tanlovining mukofot jamgʻarmasi AT yoʻnalishida 5 million dollarga oshirilgani, sunʼiy intellekt yoʻnalishida esa 1 million dollarlik yangi tanlovlar joriy qilingani maʼlum qilindi.
Shuningdek, “President AI Award”ni davlat boshqaruvi, sanoat va tadbirkorlik, sogʻliqni saqlash, taʼlim, “yashil iqtisodiyot” va agrotexnologiyalar kabi 5 yoʻnalishda tashkil etish taklifi bildirildi.
Jumladan, 2030-yilgacha axborot texnologiyalari sohasida 300 ming yoshning bandligini taʼminlashga qaratilgan choralar ham koʻrib chiqilgan. Buning uchun hududlarda raqamli ekotizimni kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, eksportbop xizmatlar koʻlamini oshirish va startaplarning oʻsish nuqtalarini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlangan.
Shu bilan birga, ayni damda 69 foiz maktablarda Wi-Fi zonasi umuman mavjud emasligi, 5 mingta kompyuter sinfi maʼnan eskirgani, 2 mingta maktabda esa bunday xonalar yoʻqligi qayd etildi. Shu bois, 2030-yilgacha 16 mingta kompyuter sinfxonalarini yangilash, maktablarni bepul Wi-Fi nuqtalari bilan taʼminlash va internet tezligini oshirish boʻyicha aniq choralar koʻrish zarurligi taʼkidlangan.

