Sinfni bosimda boshqarish emas, bolani o‘zini boshqarishga o‘rgatish kerak

Sinfni bosimda boshqarish emas, bolani o‘zini boshqarishga o‘rgatish kerak

O‘qituvchilikdagi muvaffaqiyatni ko‘p yillar davomida noto‘g‘ri talqin qilib kelishgan: go‘yoki yaxshi o‘qituvchi – sinfni jim tutadigan, barcha bolalarni tartibda ushlab tura oladigan pedagog.

 

Aslida esa bu faqat tashqi nazorat. Haqiqiy pedagogik mahorat bolaning ichki nazoratini, ya’ni o‘zini-o‘zi boshqarish qobiliyatini shakllantira olishdir.

 

Qiyinchilik – tabiiy o‘sish

 

O‘rganish jarayonida qiyinchilik – dushman emas, balki rivojlanishning sharti. Biroq ko‘p bolalar qiyinchilikning birinchi bosqichida zerikishni his qilishadi, chunki ular sabr qilishni, intizom bilan davom ettirishni, ishni oxiriga yetkazishga o‘rgatilmagan bo‘lishadi.

 

Shuning uchun, bolaning o‘rniga kattalar uning vazifalarini bajarib qo‘ymasligi juda muhim.

 

Bolada ichki boshqaruvni shakllantirish

 

Zamonaviy pedagogikada o‘qituvchining eng katta mahorati — sinfni boshqarish emas. Chunki sinfni 45 daqiqa jim ushlash vaqtinchalik ko‘rsatkich.

 

Haqiqiy natija bolada “o‘zini boshqarish kompetensiyasi”ni shakllantirishdir:

 

➖ his-tuyg‘ularni boshqarish;

➖ vazifani rejalashtirish;

➖ o‘zini nazorat qilish;

➖ vaqtni boshqarish;

➖ xatosini tan olish;

➖ mustaqil yechim topish.

 

Bu kompetensiyalar bolani umr bo‘yi qo‘llab-quvvatlaydigan tayanchdir. O‘quvchining o‘zini-o‘zi boshqarishi uchun birinchi va eng zarur shart kattalarning ortiqcha aralashmasligi.

 

Ya’ni o‘qituvchi:

 

➖ jarayonni boshqaradi, lekin ishni bolaga qoldiradi;

➖ yo‘l ko‘rsatadi, lekin o‘rniga bajarmaydi;

➖ yordam beradi, lekin mustaqillikni olib qo‘ymaydi.

 

Bolaga mustaqillik berish – pedagogning eng katta donoligi.

 

Amaliy metodlar:

 

“3 daqiqa kuzatish” usuli – bola yordam so‘raganda darrov aralashmang. Uni 3 daqiqa kuzating. Ko‘pincha u o‘zi hal qiladi.

 

“Yarim yordam” qoidasi – agar yordam kerak bo‘lsa, yechimning 50 foizini bolaga qoldiring. Faqat yo‘l ko‘rsating.

 

“Savol orqali rahbarlik” – buyruq emas, savol bering:

 

➖ “Bu masalada birinchi qadam nima bo‘lishi mumkin?”

 

➖ “Nima deb o‘ylaysan, qay tarafdan boshlash mumkin?”

 

Savol fikrlashni ishga soladi.

 

“Ochiq tanlovlar” berish

 

Kichik tanlov ham mustaqillikni kuchaytiradi:

 

➖ “Birinchi bu topshiriqni qilasanmi yoki ikkinchisinimi?”

 

➖ “Qaysi rang bilan yozishni istaysan?”

 

“Xato – o‘rganishning bir qismi” tamoyili

 

Xatodan qo‘rqadigan bolaning mustaqilligi hech qachon rivojlanmaydi.

 

O‘qituvchilikdagi haqiqiy muvaffaqiyat:

 

➖ sinfni jim ushlashda emas;

➖ bolalarni boshqarishda emas;

➖ bolaga o‘zini boshqarishni o‘rgatishda;

➖ ichki motivatsiyasini uyg‘otishda;

➖ mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashda;

➖ qiyinchiliklarni yengishga o‘rgatishda.

 

Bu ko‘nikmalar bolaga nafaqat maktabda, balki butun umri davomida yordam beradi.