Farg‘onadagi texnikumda pedagog kaltaklangani yuzasidan rasmiy izoh berildi

Farg‘onadagi texnikumda pedagog kaltaklangani yuzasidan rasmiy izoh berildi

Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi tibbiyot texnikumida pedagog ayol kaltaklangani aytilgan xabar yuzasidan Fargʻona viloyati IIB rasmiy izoh berdi. Hodisa ichki kelishmovchilik oqibatida sodir bo‘lgani va tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani ma’lum qilindi.

 

Ma’lum qilinishicha, 30-aprel kuni texnikum o‘qituvchilari G.X. va T.T. o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Janjal davomida T.T. G.X.ning bosh va ko‘krak sohalariga qo‘li bilan urib, tan jarohati yetkazgan.

 

Qayd etilishicha, holat shu kunning o‘zida tuman IIB tomonidan tegishli tartibda ro‘yxatga olingan.

 

Jabrlanuvchining tan jarohati og‘irlik darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

 

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va ish viloyat IIB nazoratiga olingan.

 

Avvalroq, o‘qituvchining darsiga bostirib kirib, o‘qituvchini kaltaklab, uni o‘ldirish bilan tahdid qilingan fuqaro uzr so‘ragan edi.