Surxondaryo viloyati, Termiz shahar 1-son IMI ingliz tili o‘qituvchisi Nilufar Abdug‘aniyeva malaka toifasi sinovi jarayonlari bo‘yicha fikrlari bilan bo‘lishdi.
U kuzgi attestatsiyada 92 ballni, bahorgi attestatsiyada esa 88 ballni qo‘lga kiritgan va 70 foizli ustama sohibasi hisoblanadi.
“Attestatsiya jarayonida 86 va undan yuqori ball olsak, 70 foizlik ustama olamiz. Keyinchalik vazir jamg‘armasidan rag‘batlar olish va eng asosiysi «Yil o‘qituvchisi»ga nomzod bo‘lish imkoniyati tug‘iladi. Bunda faqat o‘z fanimizdan bilimga ega bo‘lish yetarli emas. Bunda dunyoqarash, mantiq, o‘z ustimizda ishlash va test ishlash ko‘nikmalari ham muhim rol o‘ynaydi,” — deydi u.
Nilufar Abdug‘aniyeva kelgusida davlat tomonidan taqdim etiladigan imkoniyatlardan foydalanib yuqori cho‘qqilarni zabt etish, Amerikaga Full Bright dasturi orqali tajriba almashish va CELTA sertifikatini qo‘lga kiritish niyatida ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq IELTS 8 sertifikati bor o‘qituvchi attestatsiya savollari bo‘yicha e’tiroz bildirganligi haqida xabar bergan edik.
